Jahon | 00:52 / 20.10.2020
8931
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro koinot stansiyasida havo sizib chiqayotgan teshik quruq choy yordamida topildi 

Foto: iStock

Xalqaro koinot stansiyasida havo tashqariga chiqib ketayotgan teshik 3 haftalik urinishlardan keyin quruq choy yordamida topildi.

Stansiyada faoliyat olib borayotgan rossiyalik fazogir Ivan Vagnerning ta'kidlashicha, sizish joyini topish uchun 3 hafta ketgan.

“Biz chamasi uch hafta davomida shu ish bilan shug‘ullandik, butun bo‘sh vaqtimizni shunga sarfladik”, deb ma'lum qilgan fazogir. 

Havoning sizib chiqish joyi XKSning Rossiyaga qarashli segmentida bo‘lgan. Vagnerning ta'kidlashicha, hozirda teshik vaqtinchalik vositalar bilan yopib qo‘yilgan. Endi ekipaj Yerdagi xizmatlar bilan birga teshikni butunlayga yopish yo‘lini izlaydi.

Fazogirning ma'lum qilishicha, ekipaj teshikni topish uchun ko‘plab usullarni qo‘llab ko‘rdi. Biroq natijada uni oddiy choy yordamida topishga muvaffaq bo‘lindi. Vagnerning ta'kidlashicha, teshik shunchalik kichik bo‘lganki, uni maxsus vositalar, jumladan ultratovush va infraqizil kamera bilan topib bo‘lmagan. Oxir-oqibat fazogirlar quruq choydan foydalanishga qaror qilishgan. Buning uchun ular choy paketchasini yorib, undagi choy donalarini segment bo‘ylab yoyib yuborishgan. Bir sutkadan keyin vaznsizlik holatida suzib yurgan choy donalari teshik atrofida to‘planib qolgan.  

XKSda havoning tashqariga sizib chiqayotgani 20 avgustda ma'lum bo‘lgan. 24 avgustda esa “Roskosmos” bosh direktori Dmitriy Rogozin stansiyada havoning sizib chiqishi sezilarsiz ekanini va asboblar yordamida bazo‘r qayd qilinayotganini ma'lum qilgan. U ta'kidlaganidek, teshik mikrometeoritlar bilan to‘qnashuv oqibatida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid