Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyodagi vaziyat: Irlandiya va Chexiyada lokdaun, «davomli kovid»ga sabab bo‘luvchi omillar ma'lum qilindi
Covid-19 bilan kasallanish holatlari soni dunyo miqyosida 41 millionga yaqinlashmoqda, deb xabar bermoqda Jons Hopkins universiteti. Kasallikdan 1,1 milliondan ortiq inson vafot etgan.
Eng ko‘p aziyat chekkan davlatlardan biri Braziliya 2021 yil yanvar oyida vaksinatsiyani boshlashga taraddudlanmoqda va bu uchun Xitoy tomonidan ishlab chiqarilgan vaksinani sotib oldi, Irlandiya Yevropa davlatlari orasida birinchi bo‘lib ikkinchi umummilliy lokdaun joriy etishga qaror qildi; Chexiyada kasallanish holatlari bo‘yicha rekord qayd etildi, bosh vazir o‘rinbosari ham xastalangan.
Olimlar «davomli kovid» kimlarga xavf solishini aniqlashdi: kasallikning uzoq davom etishini, birinchi navbatda, keksa yoshda bo‘lish va sog‘likdagi mavjud muammolar kuchaytiradi. Boshqa omillar qatorida ayol jinsiga mansublik, ortiqcha vazn va astma mavjud.
Irlandiya karantinga yopilmoqda
Irlandiya Yevropadagi umummilliy lokdaunni qayta joriy etishga qaror qilgan ilk davlat bo‘ldi. Payshanba kuni tun yarmida mamlakatda 6 hafta davom etadigan qat'iy cheklovlar kuchga kiradi.
Nooziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi do‘konlarning aksariyati yopiladi. Aholidan uyda qolish so‘ralgan, ishga borish uchun, favqulodda holatlarda yoki jismoniy mashqlar uchun tashqariga chiqish mumkin, bunda harakatlanish doirasi besh kilometrdan oshmasligi kerak. Aksariyat ommaviy tadbirlar singari, uyda mehmon kutish ham taqiqlanadi - ehtiyot choralariga amal qilgan holda o‘tkaziluvchi to‘y va dafn marosimlari bundan mustasno.
Irlandiya hukumati ko‘plab odamlar ishsiz qolishini prognoz qilgan. Ular haftasiga 400 yevrodan ortiq maosh olgan xodimlar uchun ishsizlik nafaqasini haftasiga 350 yevrogacha oshirishdi.
Seshanba kuni mamlakatda 13ta yangi o‘lim va Covid-19’ning 1269 ta holati qayd etildi.
Payshanba kuni Chexiyada ham karantin boshlanadi
Chexiya hukumati ham payshanba kunidan boshlab umummilliy lokdaun joriy etishga qaror qildi. Aholi faqat ishga va o‘ta zarurat tug‘ilganda tashqariga chiqishi mumkin.
Bosh vazir Andrey Babish ushbu qarorga kelish oson bo‘lmagani, ammo mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi milliy karantin joriy etilmagan taqdirda uch haftadan keyin yuklamaga dosh bera olmay qolishi haqida gapirgan.
Chexiyada Covid-19’dan zararlanish bo‘yicha kunlik ko‘rsatkichlar rekord darajaga yetdi. O‘tgan kun davomida yana 11984 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan va 106 kishi vafot etgan.
Chorshanba kuni mamlakat bosh vazirining o‘rinbosari va ichki ishlar vaziri Yan Gamachekning koronavirusni aniqlash uchun topshirgan testi musbat natija ko‘rsatdi.
41 yoshli Gamachek hukumat koalitsiyasi tarkibiga kiruvchi Sotsial-demokratik partiyaning rahbaridir. Shuningdek, u koronavirus pandemiyasi bo‘yicha Markaziy inqiroz shtabini boshqaradi.
«Davomli kovid»ga chalingan bemorlarni qanday aniqlash mumkin
Covid-19 kasalligining uzoq davom etishi ehtimolini keksalik va mavjud sog‘liq bilan bog‘liq muammolar oshiradi. Boshqa omillar qatoriga ayol jinsiga mansublik, ortiqcha vazn va astma kiradi. Britaniyadagi London Qirollik kolleji tadqiqoti mualliflari shunday xulosaga kelishdi.
Covid-19’dan tiklanish davomiyligiga qanday omillar ta'sir qilishi yuzasidan o‘tkazilgan tadqiqotning e'lon qilinmagan natijalari BBC nashri ixtiyoriga kelib tushgan.
Mualliflarning ta'kidlashicha, «davomli kovid»da simptomlar sakkiz hafta yoki undan ham ortiq vaqt davom etadi, bu holat har 20 bemorning birida uchraydi.
Tadqiqot London Kings-Kolleji mutaxassislari tomonidan Covid Symptom Study telefon ilovasi orqali olingan ma'lumotlar asosida o‘tkazildi.
Ushbu izlanishning maqsadi shifokorlar tomonidan «davomli kovid»ga moyil bo‘lgan bemorlarni avvalgi bosqichlarda farqlay oladigan belgilarni aniqlashdir.
«Kasallikning birinchi haftasidagi beshdan ortiq turli alomatlar asosiy xavf omillaridan biridir», dedi London Qirollik kolleji doktori Kler Stivens BBC'ga bergan intervyusida.
Simptomlar orasida yo‘tal, isitma, charchoq, bosh og‘rig‘i, diareya, hid va ta'm sezishning yo‘qolishi bo‘lishi mumkin. Ushbu alomatlarning bir nechtasini boshdan kechirgan odamda, masalan, shunchaki yo‘talayotgan odamga qaraganda «davomli kovid» yuzaga kelish ehtimoli ortadi.
Xavf keksalarda ham oshadi - ayniqsa 50 yoshdan kattalar, shuningdek, ayollar uchun.
«Pandemiyaning dastlabki bosqichlarida ma'lumotlar shuni ko‘rsatdiki, erkaklar ayollarga qaraganda koronavirusdan og‘irroq aziyat chekishadi va ko‘proq vafot etishadi. Ayollarda esa, bizning tadqiqotimizdan kelib chiqilsa, «davomli kovid» erkaklarga nisbatan ko‘proq yuzaga keladi», deya qo‘shimcha qilgan Stivens.
Olimlar Covid-19’dan avvalgi sog‘liq muammolari orasidan faqat astma va o‘pka kasalliklarini «davomli kovid» rivojlanishiga sabab bo‘luvchi omillar qatoriga kiritishdi.
Braziliya yanvar oyida emlashni boshlash uchun Xitoy vaksinasini sotib oldi
Braziliya dunyoda birinchilardan bo‘lib Xitoyda ishlab chiqarilgan vaksina orqali koronavirusga qarshi milliy emlashni rejalashtirmoqda.
San-Paulu gubernatori Joau Doriyaning aytishicha, hukumat 46 million dozada CoronaVac vaksinasini sotib olmoqda. Aholini emlash dasturi 2021 yilning yanvaridan boshlanishi ko‘zda tutilgan.
Xitoyning Sinovac Boitech kompaniyasi tomonidan yaratilgan CoronaVac vaksinasi klinik sinovlarning so‘nggi bosqichida. Ular San-Paulu shahrida o‘tkaziladi.
Shuningdek, Braziliya immunizatsiya dasturida Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti va AstraZeneca farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan vaksinadan ham foydalaniladi.
Braziliya (AQSh va Hindiston bilan bir qatorda) koronavirusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlar uchligida qolmoqda. U yerda 5,3 milliondan ortiq kasallanish holatlari va Covid-19’dan 155 mingga yaqin o‘lim qayd etilgan.
Gruziya, Tunis va Kanada fuqarolariga YeIga kirish taqiqlanishi mumkin
YeI pandemiya vaqtida fuqarolari ittifoq xududiga kirishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxatidan Kanada, Tunis va Gruziyani chiqarib, Singapurni shu qatorga qo‘shishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi Bryusseldagi shaxsiy manbasiga asoslanib xabar bergan.
Bu holatda YeIning «oq ro‘yxati»dagi mamlakatlar soni 11tadan 9taga qisqaradi.
Ular qatorida Avstraliya, Xitoy, Yaponiya, Yangi Zelandiya, Ruanda, Janubiy Koreya, Tailand va Urugvay bor.
Mavzuga oid
20:49 / 29.05.2026
Rossiya O‘zbekistonning 10 ta korxonasiga sabzavot va mevalarni olib kirishni taqiqladi
08:45 / 20.05.2026
O‘simliklar karantini agentligi direktori yangi vazifaga o‘tdi
19:09 / 11.05.2026
Rossiyada o‘zbek asalarilari ortilgan yuk mashinasi bir oydan beri qidirilmoqda
21:55 / 26.04.2026