Jahon | 19:52 / 22.10.2020
2236
2 daqiqa o‘qiladi

Adidas Reebok brendini sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda

Adidas bosh direktori Kasper Rorshted Reebok brendini sotishi to‘g‘risidagi mish-mishlarni ilgari bir necha bor rad etgandi.

Foto: AP Photo / Tsering Topgyal

Sport kiyimlari va aksessuarlari ishlab chiqaruvchi Adidas AG kompaniyasi o‘zining Reebok brendini sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda o‘z manbasiga tayanib Blumberg agentligi xabar berdi.

"Kompaniya yaqin oylarda sotuv jarayoni borasida yakuniy qarorni qabul qiladi", - degan manba.

 Agentlikning eslatishicha, Adidas bosh direktori Kasper Rorshted Reebok brendini sotishi to‘g‘risidagi mish-mishlarni ilgari bir necha bor rad etgan. U savdo ko‘rsatkichlari past bo‘lgan Reebok do‘konlarini yopgandi. Reebok 2019 yil boshlarida foydaga kirgach, Rorshted CrossFit Nano va FloatRide Run sport poyabzallari hisobiga sotuv hajmi o‘sishiga umid qilgandi.

 Koronavirus pandemiyasidan Reebok brendi Adidas brendiga nisbatan ko‘proq zarar ko‘rdi. Ikkinchi chorakda Adidas savdosi 33 foizga pasaygan bo‘lsa, Reebok savdosi 42 foizga pasaygan.

1924 yilda Adolf Dassler asos solgan Adidas AG sport kiyimlari, poyabzali va aksessuarlari ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi kompaniya hisoblanadi. Reebok 2005 yildan buyon Adidas kompaniyasiga tegishli.

Mavzuga oid