Jahon | 02:30 / 22.10.2020
44352
2 daqiqa o‘qiladi

Bill Geyts COVID-19'ga qarshi samarali davo usullari qachon topilishini taxmin qildi

Foto: Getty Images

Dunyoda koronavirus pandemiyasi yil oxiriga kelib infeksiyaning mavsumiyligi sababli kuchayadi, ammo 2021 yil boshidan vaziyat yaxshilana boshlaydi, deb taxmin qilmoqda Microsoft asoschisi Bill Geyts. U bu haqda 21 oktabr kuni GeekWire Summit virtual konferensiyasida aytib o‘tgan.

«Yaxshi yangilik shuki, shu yilning oxiriga yoki kelasi yil boshiga kelib, samaraliroq davo preparatlari, xususan birinchilardan bo‘lib monoklonal antitanalar paydo bo‘la boshlaydi», – degan Bill Geyts.

Geytsning tushuntirishicha, monoklonal antitanalar immun hujayralarini – leykotsitlarni klonlash orqali hosil qilinadi. Ushbu antitanalar patogenlarning aniq bir qismiga ta'sir etishga mo‘ljallangan.

Monoklonal antitanalar bilan eksperimental davolanishni yaqinda koronavirusga chalinib tuzalib chiqqan AQSh prezidenti Donald Tramp qabul qilgan edi.

Avvalroq Bill Geyts koronavirus epidemiyasi tugashining taxminiy vaqtini aytgan edi. Milliarderning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 insoniyat bilan «abadiy qolmaydi» va uzog‘i bilan 2022 yilda nihoyasiga yetadi.

Mavzuga oid