Jamiyat | 11:47 / 22.10.2020
15713
4 daqiqa o‘qiladi

“Ikki akam jigar sirrozi bilan og‘riydi, biri Hindistonda koronavirusga ham chalindi...” – musofirlikda ilojsiz qolgan singil hikoyasi

Jigar sirroziga odatda juda murakkab va davosiz dard sifatida qaraladi. Ammo so‘nggi yillarda tibbiyot ancha rivojlandi, ayniqsa, xorijlik jarrohlar jigarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha katta yutuqlarga erishdi. O‘zbekistonlik bemorlar bunday dardga shifo topish uchun Hindistonga jo‘nashlari ko‘p kuzatiladi. Quvonarli jihati, ular orasida sog‘ayib ketganlari ham talaygina. Bugungi maqolamiz qahramonlari ham juda murakkab vaziyatda. Bir oilaning ikki o‘g‘loni jigar sirroziga chalingan va ulardan biri Hindistonda qolib ketgani kamlik qilgandek virus ham yuqtirib olgan.

– Bir akam dardga chalinib, biri sog‘ bo‘lsa ham mayli edi, ikkinchisi tirgak bo‘lardi. Akalarim Bahodir va Jahongir Salaydinovlarning har ikkisi ham jigar sirroziga chalingan. Endi biz ikki opa-singil, onamiz va kelinoyilardan iborat ayollar nima qilishimizni bilmay qoldik, – deydi namanganlik Nazira Jamoliddinova.

Akalarim sog‘ligida juda baquvvat yigitlar edi, dard har ikkisini ham to‘kib qo‘ydi. Bahodir akam qo‘shiqlar aytardi, hozir ham “Sog‘aysam, masjidga chiqib azon aytaman”, deb niyat qilib yuradi. Shu akamga zudlik bilan operatsiya buyurilgani bois Hindistonga borib jigar ko‘chirish uchun korimizga yarab turgan do‘konimizni sotib yuborishga majbur bo‘ldik. Endi navbat uyimizga kelyapti. Eng alam qilarlisi, bir opam ham shu kasallikdan vafot etgan. Qarib qolgan ota-onam yana bir bor farzandidan judo bo‘lmasliklari uchun yelib-yugurayapmiz.

Hozir Hindistondamiz, dard ustiga chipqon deganlari shudir-da, shifo izlab kelgan Bahodir akam bu yerda koronavirusga chalinib qoldi. Majburlikdan ancha pulimizni avval shu kasallikni davolashga sarflab qo‘ydik. Bugun davolanishlar uchun juda-juda qiyin vaziyatga tushib turibmiz va Kun.uz saytining saxovatpesha mushtariylaridan yordam so‘rashdan o‘zga ilojimiz qolmadi. Jigarga ham o‘zimiz donorlik qilyapmiz, shu holatda begona yurtlarda qolib ketishimizni o‘ylasam, yuragim orqaga tortib ketadi. Bizga yordam qo‘lini cho‘zganlarning biriga ming bersin, ilohim, – dedi akalari uchun kuyingan singil yig‘lab.

Aka-uka Salaydinovlarga oid ma'lumotlar:

Uzcard: 8600 0417 5792 0914 (Agrobank, Jahongir Salaydinov nomida)

Sberbank: 4817 7603 3870 0812 (tanishi Ural Abduazizov nomida)

Visa: 4218 3200 2028 4674 (singlisi Sojidaxon Nuriddinova nomida)

Telefon raqami: +99897 2501783 (ukasi)

Aziz yurtdoshlar! Bir kishiga bu dard tegishining o‘zi og‘ir sinov. Bir oilaning ikki o‘g‘li bunday dardga chalinishi esa nihoyatda jiddiy holat. Ko‘pchilikning oz-ozdan yoki ozchilikning ko‘p qilib bergani ham bu oilani og‘ir vaziyat changalidan qutqarib qolishi mumkin. Ehsonni saqlab turmang.

Abror Zohidov

Mavzuga oid