O‘zbekiston | 22:30 / 23.10.2020
14888
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh «Uzbekneftegaz GTL» zavodi qurilish maydonida bo‘ldi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev va ishchi guruh a’zolari Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumani hududida qurilishi davom etayotgan «Uzbekneftegaz GTL» zavodida bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalar ortidan bugungi vaziyatni o‘rganish maqsadida qurilish maydonida bo‘ldi.

Boshqaruv raisi qurilish ishlarida bosh pudratchi bo‘lgan «ENTER Engineering» kompaniyasining rahbari bilan uchrashib, qurilish-montaj ishlarida ishtirok etayotgan ishchilar uchun yaratilgan mavjud sharoitlar bilan yaqindan tanishib chiqdi.

Bundan tashqari, norozilik bildirgan va voqealar jarayonida ishtirok etgan ishchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularni qiynayotgan muammoli masalalarni atroflicha o‘rgandi.

Ishchilarning mehnat qilishlari, ovqatlanishi, dam olishi hamda yashashi uchun yanada yaxshiroq sharoitlar yaratib berilishiga kelishib olindi va mavjud kamchiliklar tuzatilib, endilikda ularning oldini olish choralari ham ko‘rildi.

Shu vaqtga qadar mavjud bo‘lgan barcha kamchiliklar aniqlanib, ularni qisqa fursatda bartaraf etish chora-tadbiri ishlab chiqildi.

Shuningdek, boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari «Uzbekneftegaz GTL» investitsiya loyihasining amalga oshirilishi, qurilish-montaj ishlarining bajarilishi, zavoddagi bir qator uskuna va texnologik qurilmalarning ishga tushirish-sozlash oldi ishlari bajarilishi jarayonlari hamda zavodni ishga tushirish va ekspluatatsiya qiladigan personalni tayyorlashga alohida e’tibor berdilar.

Bundan tashqari, «Uzbekneftegaz GTL» zavodida elektr energiyasi, xomashyo, suv, yoqilg‘i gaz yetkazish ishlari, yong‘inga qarshi tizim va umumiy og‘irligi 8 ming tonnadan ziyod bo‘lgan Fisher-Tropsh reaktorlari bo‘yicha qilingan ishlar holati bilan ham tanishdi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi tomonidan loyiha doirasida ishlarni jadallashtirish va muvaffaqiyatli yakunlash yuzasidan zarur bo‘lgan topshiriqlar berildi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu zavod ishga tushgach, yiliga 3,6 milliard kub metr tozalangan tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadi va 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna neft, kimyo sohasi uchun xomashyo bo‘lgan nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishiga erishiladi.

Hozirda loyiha 90,9 foizga, shu jumladan, qurilish-montaj ishlari 76,3 foizga bajarilgan bo‘lib, qurilish maydonida jami 12 mingga yaqin ishchi-xodim (shulardan 1 771 mutaxassis chet el fuqarosi) va 719 ta maxsus texnika va mexanizmlar safarbar etilgan. Zavodning bir qator texnologik qurilmalarida ishga tushirish oldi va sozlash ishlari amalga oshirilmoqda.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid