11:50 / 26.10.2020
8551

Bojxonachilar qariyb 10 mlrd so‘mlik «tranzit operatsiyasi»ga chek qo‘yishdi

 Davlat bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi boshqarmasi Andijon va Toshkent viloyatlari bojxona boshqarmalari bilan hamkorlikda oldindan olingan ma'lumotlar asosida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida tovar-moddiy boyliklarni bojxona nazoratidan yashirin ravishda olib kirish maqsadida amalga oshirilgan tranzit operatsiyasini fosh qilishdi.

Respublika hududidan tranzit tarzida olib o‘tilishi kerak bo‘lgan tovarlarning ichki hududda tushirib qoldirilishiga chek qo‘yildi.

Andijon viloyati bojxona boshqarmasining “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga chiqib ketish uchun tun yarmida kelgan 2ta yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda inspeksion ko‘rik majmuasi orqali ko‘zdan kechirildi.

Yuk avtotransport vositalarida olib chiqilayotgan tovarlar bilan haydovchilarning bojxonaga taqdim qilingan hujjatlarida ko‘rsatilgan tovarlar o‘rtasida keskin tafovutlar aniqlandi. Hujjatlarga ko‘ra, mashinalarning birida 11 turdagi, ikkinchisida esa 14 turdagi tovarlar bo‘lishi lozim edi.

Ammo, bojxona ko‘rigi davomida avtotransportlarga bojxona qiymati nisbatan past bo‘lgan po‘kak, yelim, quruvchilar uchun maxsus kiyim va qo‘lqoplar, rezina etik va bolg‘alar ortilganini ko‘rib, xulosa qilsa bo‘ladiki, mashinalar shunchaki bo‘sh tarzda chiqib ketmasligi uchun ushbu tovarlar bilan nomigagina to‘ldirilgan.

Mazkur avtotransport vositalari joriy yilning 16 oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “Dout ota” chegara-bojxona posti orqali respublikaga kirib kelgan.

Kirib kelishda bojxona organlariga taqdim qilingan hujjatlar bilan inspeksion ko‘rik majmuasi orqali olingan tasvirlarda bojxona xodimlarini shubhalantirgan jihatlar ko‘zga tashlanmagan. Natijada, yuk avtotransport vositalari tranzit tarzida chiqib ketishi uchun “Andijon” viloyatidagi “Do‘stlik” chegara bojxona postiga yo‘naltirilgan.

Hujjatlarda ko‘rsatilgan tovarlar aslida ushbu avtotransport vositalarida haqiqatdan ham bo‘lgan. Ammo, respublikaga kirib kelishda va chiqib ketishda inspeksion ko‘rik majmuasi orqali olingan tasvirlar bir-biridan farqlidir.

Aniqlanishicha, yuk avtotransport vositalariga ortilgan tovarlar Toshkent viloyati, Zangiota tumanida joylashgan omborlardan biriga tushirib qoldirilgan.

Mazkur omborni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirish davomida shu yerda bo‘lib turgan chet ellik fuqaro ushbu yuklar o‘ziga tegishli ekanligini ma'lum qildi. Ammo, ularning bojxona rasmiylashtiruvini tasdiqlovchi bironta ham hujjatlarni taqdim qila olmadi.

Aniqlanishicha, mazkur yuk avtotransport vositalari tirkamalarining eshiklari ochilmagan va mavjud plombalar buzilmagan. Shunga qaramay, ularning ichidagi yuklarni almashtirish uchun tirkamalar boshqa tomonidan turib, o‘zboshimchalik bilan ochilgan.

Shu tariqa, bojxona xodimlari respublika hududidan tranzit tarzida olib o‘tilishi lozim bo‘lgan 24 turdagi 9113 dona tovarlar ichki hududda tushirib qoldirilganini fosh qilishdi.

Mazkur tovarlarning umumiy qiymati esa 6 mlrd. 502 mln. so‘mni tashkil qilmoqda. Tezkor tadbir davomida huquqbuzarlardan jami qiymati 9 mlrd. 850 mln. so‘mdan ortiq qiymatdagi tovarlar va transport vositalari vaqtincha saqlovga olindi.

Holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top