Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vaqtincha olib kirilgan tovarlar bo‘yicha to‘lov grafigi joriy etilishi mumkin
Bojxona yuk deklaratsiyasini o‘zgartirish va qayta rasmiylashtirish tartibiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, vaqtincha olib kirish bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar uchun davriy bojxona to‘lovlarini to‘lash grafigi joriy etilishi mumkin. Yangi tartib tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun hisob-kitob jarayonlarini yanada tartibga solishga qaratilgan.
Loyihada ilk bor «davriy bojxona to‘lovlarini to‘lash grafigi» tushunchasi kiritilmoqda. Unga ko‘ra, vaqtincha olib kirilgan tovarlar bo‘yicha davriy to‘lovlar haqidagi ma’lumotlar maxsus grafikda aks ettiriladi va mazkur hujjat bojxona yuk deklaratsiyasi bilan bir vaqtda bojxona organlariga taqdim etiladi.
Shuningdek, vaqtincha olib kirish yoki vaqtincha olib chiqish muddatlari uzaytirilganda deklaratsiyaga o‘zgartirish kiritish uchun qo‘shimcha huquqiy asoslar belgilanmoqda.
Loyihada tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan ishlash tartibini raqamlashtirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, «TIF ishtirokchilari ro‘yxati» tushunchasi joriy qilinib, u Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Bojxona qo‘mitasining axborot tizimlari orqali shakllantiriladi.
Yangi normalarga muvofiq, ayrim holatlarda deklaratsiyalovchi shaxs bojxona deklaratsiyasiga o‘zgartirish kiritish uchun zarur hujjatlarni taqdim eta olmagan taqdirda, bojxona organlari mustaqil ravishda tegishli o‘zgartishlarni amalga oshirishi mumkin. Biroq bojxona to‘lovlari yoki tashqi savdo shartnomalari ma’lumotlariga ta’sir qiluvchi o‘zgartishlar faqat sud, tergov yoki surishtiruv organlari qarorlari asosida kiritiladi.
Bundan tashqari, loyihada jismoniy shaxslarni identifikatsiya qilishda JShShIRdan foydalanish, Bojxona rasmiylashtiruvi markazlarining vakolatlarini kengaytirish hamda deklaratsiyalarga o‘zgartirish kiritish jarayonlarini aniqlashtirish nazarda tutilgan.
Mualliflar fikricha, mazkur o‘zgartishlar bojxona ma’muriyatchiligini soddalashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qulayliklarni oshirish va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarining shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Mavzuga oid
21:38 / 13.04.2026
O‘zganing sumkasini aeroportdan o‘tkazib bermoqchi bo‘lgan yo‘lovchi narkotik bilan ushlandi
19:34 / 20.12.2025
Yil boshidan buyon 7,2 mln dona pirotexnika buyumlari ushlab qolindi - Bojxona qo‘mitasi
10:57 / 05.09.2025
Bojxonadan olib chiqiladigan tovarlar bojxona qiymatini aniqlash tartibi belgilandi
12:21 / 30.08.2025