O‘zbekiston | 23:11 / 27.10.2020
5608
2 daqiqa o‘qiladi

QXV: Noyabr oyi oxirigacha 4 xil mahsulotning qariyb 800 ming tonnalik zaxirasi yaratiladi

O‘zbekistonda bu yilgi qish-bahor mavsumi uchun jami 800 ming tonnaga yaqin kartoshka, piyoz, sabzi va guruch jamg‘arish rejalashtirilgan. Shundan ayni paytgacha 145 ming tonna mahsulot g‘amlab qo‘yilgan, deb ma'lum qildi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Yaqinlashib kelayotgan qish-bahor mavsumi uchun O‘zbekistonda 400 ming tonna kartoshka, 180 ming tonna piyoz, 130 ming tonna sabzi va 85 ming tonna guruch jamg‘arish rejalashtirilgan.

26 oktabr holatiga, mazkur mahsulotlardan 145,3 ming tonnasi zaxiraga jamg‘arilgan. 55 ming tonna kartoshka, 56,4 ming tonna piyoz, 14,6 ming tonna sabzi, 19,3 ming tonna guruch shular jumlasidan.

«Zaxira rejasi noyabr oyi oxirigacha to‘liq bajarilishi ko‘zda tutilgan», – dedi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot kotibi Nigora Xo‘jayeva 27 oktabr kuni AOKAdagi brifingda.

Ma'lum qilinishicha, kam ta'minlangan aholini qish-bahor mavsumida bepul oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash uchun hududiy tayyorlovchi korxona va tashkilotlar tomonidan 63,9 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxiraga olinadi.

Mamlakatdagi barcha toifa xo‘jaliklarda o‘tgan 9 oy davomida 1 mln 259 ming gektar yerdan jami 22,7 mln tonna meva-sabzavot hosili olingan. Xususan, 1 mln 78 ming gektar sug‘oriladigan va 181 ming gektar lalmi maydonda jami 6 mln 408 ming tonna don, 2,5 mln tonna go‘sht, 11,2 mln tonna sut mahsulotlari yetishtirilgan.

Tarmoqni rivojlantirish maqsadida «Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, meva-sabzavotchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, oziq-ovqat sanoati hamda zamonaviy agrosanoat klasterlari va kooperatsiyalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi tayyorlangan.

Ta'kidlanishicha, ushbu qaror loyihasi bilan 2021-2025 yillarda sohani rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid