Jamiyat | 15:19 / 29.10.2020
13018
5 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir kinoijodkorlar bilan uchrashdi

Joriy yil aprel oyida bir guruh kinoijodkorlar sohadagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan amaliy yordam so‘rab O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripovga murojaat qilgan edi.

Murojaatda ko‘tarilgan masalalarni atroflicha muhokama qilish va bamaslahat hal etish maqsadida O‘zbekiston bosh vaziri mamlakatimiz kino mutaxassislari bilan uchrashdi.

«O‘zbek kinematografiyasi: bugungi kun va istiqbol» mavzusida davra suhbati shaklida o‘tgan ushbu uchrashuvda bosh vazir prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil avgust oyida O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda hukumat oldiga qo‘ygan qator vazifalar ijrosi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida qisqacha ma'lumot berdi.

Tadbirda so‘nggi yillarda milliy kinematografiya rivojiga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan katta e'tibor natijasida sohada muayyan yutuqlarga erishilgani, mazmun va shakl jihatidan rang-barang kino asarlar yaratilib, ular tomoshabinlar e'tiborini qozongani qayd etildi.

Shu bilan birga, sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar ham borligi, ya'ni, muayyan kinostudiyalarning moddiy-texnika bazasi jismoniy va ma'naviy jihatdan eskirgani, kinofilmlarni moliyalashtirish tizimining bugungi kun talablariga javob bermasligi, kinoteatrlar va malakali kadrlar yetishmasligi, yaratilgan filmlar targ‘iboti sust kechayotgani ta'kidlandi.

Hukumat rahbari kino san'ati inson saviyasi yuksalishida muhim rol o‘ynashini, shuning uchun songa emas sifatga e'tibor qaratib, g‘oyasi va tarbiyaviy ahamiyati yuqori bo‘lgan badiiy film va seriallar yaratish lozimligini bildirdi.

Shuningdek, jamiyatda xalqimiz, avvalo, yoshlar ongiga milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, ona vatanga muhabbat tuyg‘ularini singdirishda katta ta'sir kuchiga ega bo‘lgan kino san'atining rolini oshirish bugungi kun talabi ekanini qayd etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan qator kinoijodkorlar ijodiy faoliyati davomida duch kelayotgan ayrim muammolarni hal etish yuzasidan amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

«Xususan, keyingi vaqtlarda g‘oya va saviya jihatdan sayoz film va seriallar nisbatan ko‘paydi, ularda adabiy til qoidalariga aytarli rioya qilinmayotir, kinoteatrlar sust faoliyat yuritmoqda, dublyaj san'ati rivojiga e'tibor yo‘qolgan, multiplikatsion va animatsion filmlar yaratish talab darajasida emas, yaratilgan filmlarning targ‘iboti aytarli yo‘lga qo‘yilmagan. Shu singari kamchiliklar soha rivojiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan davra suhbatida bildirilgan takliflarni amalga oshirish, sohadagi ba'zi muammo va kamchiliklarni bartaraf etish uchun barcha kinoijodkorlar bir yoqadan bosh chiqarib, bamaslahat ishlashi lozimligi qayd etildi», deyiladi bosh vazir matbuot xizmati xabarida.

Kino san'ati rivoji yo‘lida bu kabi uchrashuv va davra suhbatlarini tez-tez o‘tkazib turishga kelishib olingan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprelida O‘zbekiston kinematografiya sohasi arboblari, mutaxassislari, rejissyorlar va aktyorlar «O‘zbekkino» direktori Firdavs Abduxoliqov ustidan bosh vazir Abdulla Aripovga shikoyat qilgandi. Jamoaviy murojaat 109 kishi tomonidan, xususan, «O‘zbekkino» bosh direktori birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev, bosh direktor o‘rinbosari Nizom Mahmudov, «O‘zbekfilm» direktori Fotih Jalolov, O‘zbekiston kinoarboblar uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov, Alisher Navoiy nomidagi kinosaroy direktori Bahrom O‘tanov, «Mulstudiya» direktori Sevara To‘laganova, «Respublika kinofondi» direktori Shuhrat Umarov, shuningdek, Hilol Nasimov, Jahongir Qosimov, Sarvar Karimov, Abduhalil Mingnorov, Akbar Bekturdiyev kabi rejissyorlar tomonidan imzolangan. 

Murojaatchilar 2019 yil sentyabrida «O‘zbekkino»ga rahbar etib tayinlangan Firdavs Abduxoliqov hozirgi kunda kinematografiya sohasini rivojlanish bo‘yicha kompleks yondashuv va konseptual qarorlarni qabul qilish o‘rniga sohani rivojlantirishga mutlaqo aloqador bo‘lmagan faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgani, ko‘p yillik tajribaga ega xodimlarni chetlatib, ularning o‘rniga kino sohasidan yiroq bo‘lgan, uning o‘zigagina qarashli odamlarni boshqarma va bo‘limlar rahbarligiga tayinlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilganini ta'kidlashgandi. Agentlikda ish o‘rniga va'zxonlik, tadbirbozlik, keraksiz ishlar bilan shug‘ullanish, byurokratizm, shuningdek, xorijiy davlatlarga yakka tartibda yoki o‘z istagidagi odamlardan guruhlar tuzib, safar qilish, bosh direktor o‘rinbosarlari va tajribali mutaxassislar fikriga bepisandlik bilan qarash yoki ularning taklif va mulohazalarini umuman inkor etish amaliyoti joriy etilgani aytilgandi.

Mavzuga oid