O‘zbekiston | 13:56 / 29.10.2020
3663
2 daqiqa o‘qiladi

Keyingi vazifa – ta'lim sifatini oshirish. Sardobadagi ijtimoiy obektlarni ta'mirlash ishlari yakunlanmoqda

Bugun, 29 oktabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida hukumat vakillari Sirdaryo viloyatining Sardoba texnogen falokatidan jabr ko‘rgan tumanlaridagi qayta tiklanish ishlari bilan tanishmoqda.

Foto: KUN.UZ

Sirdaryoda bo‘lib turgan Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovning ma'lumot berishicha, hududdagi 17ta maktabda qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilgan, bitta maktab yangidan barpo etilgan, yana birida qo‘shimcha obekt qurilgan. Maktablarning hammasi optik tolali internet va kompyuter bilan ta'minlangan.

«Endigi vazifa ulardagi ta'lim berish sifatini oshirish bo‘lmoqda. Bolalarga chet tillari va axborot texnologiyalarini yaxshi o‘rgatishga urg‘u bermoqchimiz. Sababi bolalar uyda o‘tirib ham mustaqil tarzda daromad topish imkoniga ega bo‘lsin», deya Sherzod Shermatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mas'ullarning ma'lumot berishicha, Sardoba suv toshqinida talafot ko‘rgan 10ta maktabgacha ta'lim tashkilotining 5tasida ta'mirlash ishlari tugagan, qolgan 5tasida ta'mirlash ishlari bormoqda, yana bir yangi MTT qurilish ishlari ketmoqda.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov toshqinda zarar ko‘rgan 8ta tibbiyot muassasasida ishlar olib borilayotgani xususida ma'lumot bergan.

«7ta muassasada ta'mirlash ishlari tugadi, jihozlar kelishi bilan foydalanishga topshiriladi. Yana biri butunlay qaytadan qurilmoqda. Ular butunlay zamonaviy yondashuv bilan qurilmoqda. Bu tajribani boshqa hududlardagi qurilishlarda ham ommalashtirish mumkin», dedi vazir o‘rinbosari jurnalistlar bilan muloqotda.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid