O‘zbekiston | 17:20 / 29.10.2020
6002
6 daqiqa o‘qiladi

«Maktablarga bilimsiz kadrlarning kirib kelishi – eng katta muammo» - pedagog Botir Siddiqov bilan suhbat

Bugungi suhbatdoshimiz – Samarqand viloyati Payariq tumani 14-maktab direktorining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Botir Siddiqov. Ustoz bilan ta'limdagi jarayonlar va qishloq maktablari haqida fikr yuritdik.

Foto: KUN.UZ

– Botir aka, maktab ta'limidagi tizimli muammolarni asosan nimalarda ko‘rasiz?

– Maktab ta'limidagi tizimli muammolar asosan maktabda ishlayotgan ayrim o‘qituvchilarning bitta qolipda ish olib borishi va o‘quvchilardagi erkinlikni chegaralab qo‘yishi bilan bog‘liq. Keyingi paytlarda o‘quvchilar va ota-onalarning norasmiy usullarda (repetitorlarda) ta'lim olish samarali deb bilishlari ham maktabda ta'limning sustligini ko‘rsatadi.

Maktablarga bilimsiz kadrlarning kirib kelishi – eng katta muammo. Davlat maktablarida ishlayotgan mas'uliyatsiz, bilimsiz o‘qituvchini ishdan olish juda qiyin, xususiy maktablarda yoki repetitorlikda esa bunday o‘qituvchilar ishlay olmaydi, chunki ular o‘qituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qiladi. Davlat maktablarida diplomi bormi, bunday odamni, albatta, ish bilan ta'minlash shart deb qaraladi.

Biz shunday bosqichga kelyapmizki, endi diplomi borligi bilan emas, shu diplomga yarasha o‘quvchiga bilim va tarbiya bera olishiga ishonsakkina tizimga qabul qilishimiz kerak bo‘lgan davrdamiz.

– Yangi joriy etilayotgan tizimga asosan, maktab bitiruvchilarining oxirgi 6 yillikdagi baholari OTMga kirish imtihonlarida inobatga olinadi. Ya'ni maktab davridagi baholarning ahamiyati ortdi. Bu bilan yaxshi baho olishni targ‘ib qilib, bolalarni yoshlikdan raqobatga o‘rgatib qo‘ymayapmizmi?

– O‘quvchilarga yaxshi baho olishni targ‘ib qilish, ularni yaxshi baholar bilan rag‘batlantirish ko‘pchilik o‘quvchilarni ilhomlantirib, o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirsa, past baho olgan o‘quvchilarni o‘ziga bo‘lgan ishonchini so‘ndirishi mumkin, albatta. Bunday paytda o‘quvchilarni ijobiy tomonga harakatlantirish uchun o‘qituvchining mahorati kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, sog‘lom raqobat hech qachon zarar qilmaydi, buning uchun birinchi navbatda o‘qituvchi xolis bo‘lishi kerak. Ya'ni o‘qituvchi o‘quvchilarini baholashda adolatli bo‘lishi va mukammal baholash tizimiga qat'iy rioya qilishini muhim deb bilaman.

– Yaxshi o‘zlashtirayotgan va o‘zlashtirishi eng past o‘quvchi orasidagi farqni qanday yo‘qotish mumkin?

– Yaxshi o‘zlashtirayotgan va o‘zlashtirishi past o‘quvchi orasidagi farqni yo‘qotish uchun o‘qituvchi o‘sha o‘quvchi bilan alohida shug‘ullanishi, ishlashi va ma'naviy rag‘batlantirish orqali o‘sha o‘quvchini eng a'lochi o‘quvchi bo‘lishi mumkin ekanligiga ishontira olishi kerak.

Bu, yana bir bor aytaman, pedagog bo‘lib ishlayotgan, shu orqali rizq topayotgan insonning kasbga layoqatiga bog‘liq. Shunday davrlar bo‘ldiki, pul bilan o‘qishga kirib, shu taxlit bitirgan odamlar turli sohalar kabi xalq ta'limi tizimiga ham kirib qoldi. Ularda na bilim, na shaxsiy o‘rnak – xullas, bu ta'lim bir joyda depsinib qolishiga omillardan biri bo‘ldi.

Bundan tashqari, ota-ona farzandi kelajagi borasida o‘z shaxsiy tajribasigagina suyanib qoldi va kelajak o‘zgarishlarini, bola qiziqishlarini hisobga olmadi. Menimcha, bolani o‘zi qiziqayotgan yo‘nalishga ko‘proq e'tibor qaratishiga imkoniyat yaratib berish ma'qulroq. Masalan, matematika fanini yaxshi bilmaydigan o‘quvchidan yaxshi musiqachi yoki rassom chiqishi mumkin. Yoki sen cho‘pon bo‘lasan deya o‘qishi va ilm olishi uchun sharoit yaratilmagan yoshlar kelajakda yetuk olim, siyosatchi, huquqshunos va iqtisodchilar bo‘lishi mumkin edi va hokazo.

– Qishloq va shahar maktablari muammolari o‘rtasidagi o‘xshash va farqli jihatlar nimada?

– Hozirgi vaqtda qishloq va shahar maktablari muammolari o‘rtasidagi farq bu – qishloq maktablarida o‘qituvchilarga dars soatlarining yetishmasligi. Ayrim fanlar, masalan, musiqa, chizmachilik kabi haftasiga bir soat o‘tiladigan fanlardan dars o‘tadigan o‘qituvchilar 8-10-12 soat dars bilan kifoyalanishiga to‘g‘ri keladi, chunki 250-350 nafar o‘quvchisi bor maktablarda bu fanlardan bundan ziyod dars soatlar bo‘lmaydi.

Agar bu fan o‘qituvchilari qo‘shni maktablarda dars o‘tadigan bo‘lsa, deklaratsiya to‘ldirishlari, ta'til kunlari uchun haq to‘lanmasligi, ikkinchi maktabdan ta'til puli hisoblanmasligi kabi muammolardan bezor bo‘lishadi va ushbu o‘qituvchilar darsdan ko‘ra boshqa ishlar bilan shug‘ullanib tirikchilik qilishni afzal ko‘rishadi.

Shahar va qishloq maktablaridagi muammolarning o‘xshash tomonlari – har ikkala toifa maktablarda ham yaxshi kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqori.

– Bugungi kunning muallimi qanday bo‘lishi kerak?

– Bugungi kunning muallimi uchun o‘z kasbini yaxshi bilishigina kifoya qilmaydi. Nafaqat bilimli, balki kundalik yangiliklar, ijtimoiy tarmoqlar, zamonaviy texnologiyalarni puxta bilishi davr talabi.

Shuningdek, muallim aynan internet tarmoqlari orqali jahon tajribasidagi pedagogik texnologiyalar bilan tanishib borishi, shu asosda bilimini hozirgi zamon talablari darajasida o‘quvchilarga yetkaza oladigan, talim bilan tarbiyani birga olib boradigan bo‘lishi kerak.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid