Jahon | 14:54 / 02.11.2020
10753
2 daqiqa o‘qiladi

Olimlar boy va qashshoq mamlakatlardagi koronavirusdan o‘lim holatlarini taqqoslashdi

Olimlarning ma'lumotlariga ko‘ra, aholisi kam daromad oladigan mamlakatlarda ushbu ko‘rsatkich 0,23 foizga, boy mamlakatlarda esa 1,15 foizga teng.

Foto: Getty Images

London Imperiya kolleji olimlari umumiy koronavirus bemorlari orasida infeksiyadan o‘lim koeffitsiyentini (infection fatality ratio, IFR) hisoblab chiqishdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich aholisi ko‘p daromad oladigan mamlakatlarda yuqori ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Tadqiqot mualliflari 175ta ilmiy ish va antitanalar bo‘yicha o‘nta tadqiqotni o‘rganishdi. Ular koronavirus keksa yoshdagilar uchun xavfliroq degan xulosaga kelishdi. Shu bilan birga, ularning fikricha, yoshning har sakkiz yilga kattaligi o‘lim xavfini oshiradi. 40 yoshgacha bo‘lganlarda o‘lim koeffitsiyenti 0,1 foizni, 80 yoshdan kattalarda esa 5 foizni tashkil qilgan.

Olimlarning ma'lumotlariga ko‘ra, aholisi kam daromad oladigan mamlakatlarda IFR 0,23 foizga, boy mamlakatlarda esa 1,15 foizga teng.

Tadqiqot hammuallifi, Lyusi Okellning qayd etishicha, koronavirus nafaqat keksalar, balki o‘rta yoshdagilar uchun ham xavfli.

«Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 50-55 yoshdagi har 260 bemordan biri ushbu kasallikdan vafot etgan», — dedi u.

Sentabr oxirlarida Boston universiteti tibbiyot maktabi olimlari qonida D vitamini yetarli bo‘lgan bemorlarda koronavirusdan o‘lish ko‘rsatkichi kam bo‘lishini ma'lum qilishgandi. May oyida qirolicha Yelizaveta shifoxonasi va Sharqiy Angliya universiteti olimlari ham D vitamini va koronavirusdan o‘lish ko‘rsatkichi orasida bog‘liqlik borligini aytishgandi.

Mavzuga oid