Jamiyat | 21:53 / 02.11.2020
14820
2 daqiqa o‘qiladi

Yuridik texnikumlarga o‘qishga qabul qilish tartibi e'lon qilindi

OTMga «yurisprudensiya» yo‘nalishi bo‘yicha topshirib, testda maksimal ballning kamida 60 foizini to‘plagan abituriyentlar yuridik texnikumlarda kontrakt asosida o‘qishi mumkin bo‘ladi.

Foto: hudud24.uz

Hukumat qarori bilan, Adliya vazirligi qoshidagi yuridik texnikumlarga o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi.

Qaror bilan yuridik texnikumlarga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, yuridik texnikumlarga o‘qishga qabul qilish to‘lov-kontrakt asosida, qabul parametrlariga muvofiq to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Quyidagilar yuridik texnikumlarga kirish imtihonlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinadi:

  • Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litseyni 56 va undan yuqori natijalar bilan tamomlagan bitiruvchilar;
  • respublika OTMlarida «yurisprudensiya» ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha test sinovlarida umumiy ballning 60 va undan yuqori foizini to‘plagan abituriyentlar.

Quyidagi toifalar kirish sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda grant asosida o‘qishga qabul qilinadi:

  • kam ta'minlangan oilalar a'zolari bo‘lgan abituriyentlar;
  • «Mehribonlik uyi» va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari;
  • I guruh nogironligi bo‘lgan, shu jumladan ko‘zi ojiz abituriyentlar.

Kirish sinovlari 25–30 avgustda quyidagi shaklda o‘tkaziladi:

  • O‘zbekiston fuqarolari uchun – test sinovlari;
  • xorijiy fuqarolar uchun – og‘zaki suhbat;
  • ko‘zi ojizlar uchun – tanlov asosida.

Test sinovlarini Davlat test markazi o‘tkazadi. Qabul uchun hujjatlarni qabul qilish:

  • davlat xizmatlari markazlari;
  • yagona interaktiv davlat xizmatlari portali;
  • Davlat test markazi rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.

Mavzuga oid