Jahon | 13:23 / 03.11.2020
25436
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonga kirish-chiqishda cheklov choralari kuchaytirildi

Qozog‘iston Respublikasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha idoralararo komissiya tomonidan mamlakat chegarasini kesib o‘tish tartibini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

2 noyabr kuni Qozog‘iston bosh vaziri Askar Mamin raisligida o‘tkazilgan koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha idoralararo komissiyaning yig‘ilishida mamlakat chegarasini kesib o‘tish tartibi muhokama qilindi.

Foto: primeminister.kz

Yig‘ilish so‘ngida qabul qilingan qarorga ko‘ra, quyidagi shaxslar uchun davlat chegarasini kesib o‘tish tartibiga o‘zgartishlar kiritildi:

  • Qozog‘iston Respublikasida doimiy yashash uchun ruxsatnoma olgan chet elliklar va ularning oila a'zolari;
  • Qozog‘iston Respublikasi fuqarolarining oila a'zolari hisoblangan chet elliklar.

Yangi tartibga muvofiq, ro‘yxatda ko‘rsatilgan shaxslar Qozog‘iston Respublikasi davlat chegarasini 90 kun ichida bir martadan ortiq kesib o‘tishlari mumkin emas. Qozog‘iston hukumati dunyoning 57ta mamlakati bilan vizasiz rejimni 2021 yil 1 mayga qadar bekor qildi. Xitoy va Hindistondan Qozog‘iston orqali boshqa manzilga yetib borishni ko‘zlagan yo‘lovchilarning 72 soat mamlakatda vizasiz bo‘lish rejimi 2021 yil 1 yanvargacha bekor qilindi.

Shu yilning 9 noyabridan boshlab, Turkiya bilan havo transporti orqali yo‘lovchi tashish 33tadan 20tagacha kamaytiriladi.

Ma'lumot uchun, Qozog‘iston hududida koronavirus tarqalishi tez o‘sib boryapti. O‘tgan oyning 5-18 sanasida 1272ta yangi holat aniqlangan bo‘lsa, 19 oktyabrdan 1 noyabrga qadar 3352ta, 2 noyabrda esa 442ta virusga chalinish holati aniqlangan. Mamlakat bo‘ylab tashkil etilgan yuqumli kasalliklar shifoxonalaridagi o‘rinlarning 22 foizi ayni paytda band qilingan. Shuningdek, maxsus tayyorlangan reanimatsion joylarning 18 foizida bemorlar davolanmoqda.  

Mavzuga oid