O‘zbekiston | 10:58 / 04.11.2020
5944
5 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Huawei Uzbekistan talabalar uchun mo‘ljallangan “Seeds for the Future” ta'lim dasturini boshladi

O‘zbekistonlik talabalar “Seeds for the Future” dasturi doirasida Huawei'ning innovatsion texnologiyalarini o‘rganishga va Xitoyning madaniyati va an'analari bilan tanishishga kirishishdi.

Huawei kompaniyasi olti yildan buyon har yili O‘zbekistonda “Seeds for the Future” (“Kelajak nihollari”) loyihasini amalga oshirib kelmoqda, uning doirasida TATUning 50 nafar talabasi o‘tgan yillar davomida kompaniyaning Xitoydagi shtab-kvartirasida amaliyot o‘tashdi. Dasturda butun dunyodagi 500 dan ortiq universitetlardan jami 30.000 nafar talaba ishtirok etishdi va uning doirasida umumiy hisobda 5770 nafar eng yaxshi talabalar Xitoyga borishga muvaffaq bo‘lishdi.

Butun dunyoda pandemiya tufayli yuzaga kelgan hozirgi vaziyatni hisobga olgan holda, bu yil “Seeds for the Future” loyihasi onlayn tarzda o‘tkazilmoqda, ammo bu uning qiymatini va axborot mazmunini mutlaqo kamaytirmaydi. Ayni vaqtda Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti (TATU), Toshkent shahridagi Inha universiteti (TIU) va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari maktabidan tanlab olingan 30 nafar talaba loyiha bo‘yicha o‘qishni boshlashmoqda. O‘zbekistondan borgan ishtirokchilar Tailand va Kambodja talabalari bilan birgalikda 5 kun davomida 5G texnologiyalari, bulutli hisoblash, sun'iy intellekt, HMC bo‘yicha chuqurlashtirilgan kurslarda qatnashishlari, shuningdek Huawei kompaniyasining Xitoydagi shtab-kvartirasi va bazalari bo‘ylab virtual sayohatlarni amalga oshirishlari va XXR madaniyati va an'analari bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi. Talabalarning yuqori darajadagi interfaolligini ta'minlash maqsadida ular Huawei kompaniyasining shtab-kvartirasida va mintaqaviy ofislarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar tomonidan o‘tkaziladigan onlayn ma'ruzalarga taklif qilinishdi.

2 noyabr kuni O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasi ofisining media-studuyasidan efirga uzatilgan onlayn ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda AKT sohasidagi ta'lim muassasalari vakillari ishtirok etib, tabrik nutqlarida bo‘lajak AKT mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi. Mehmonlar qatorida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Qahramon Yuldashev, TATU rektori Sarvar Boboxo‘jayev, TATU prorektori Xayrulla Umarov va Al-Xorazmiy nomidagi AKTga ixtisoslashtirilgan maktab direktori o‘rinbosari Sevara Shokirova ishtirok etishdi.

“Huawei kompaniyasi o‘zining O‘zbekistonda olib borgan 20 yillik faoliyati davomida o‘zini ishonchli va uzoq muddatli hamkor sifatida namoyon qila oldi va bu yillar davomida O‘zbekistonning AKT sohasiga o‘zining katta hissasini qo‘shdi. Men Huawei kompaniyasi Xitoydagi shtab-kvartirasidagi trening markazlari yordamida innovatsion texnologiyalarni chuqur o‘rganish uchun butun dunyo talabalarini birlashtira olganini ko‘rib turganimdan xursandman”, – deya ta'kidladi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Qahramon Yuldashev.

“Seeds for the Future” loyihasi bo‘lg‘usi AKT mutaxassislari uchun nafaqat kengroq bilim olish imkonini beradi, balki ularga universitetni tamomlagandan so‘ng, xuddi 2018 va 2019 yilgi dasturlarning bitiruvchilari kabi O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasida amaliyot o‘tash imkoniyatini taqdim etish bilan ularning kelgusidagi muvaffaqiyatlariga katta yo‘l ochib beradi. Xususan, o‘tgan yillar bitiruvchilari orasidan ba'zilari allaqachon O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasining xodimlariga aylanib ulgurishgan va bu bilan raqamli O‘zbekistonning rivojiga o‘z hissasini qo‘shishda davom etmoqdalar.

“Biz loyihamizda ishtirok etayotgan talabalar va bo‘lajak axborot texnologiyalari sohasi mutaxassislariga loyihamizga xush kelibsiz deymiz. Pandemiya holati yuzaga kelishiga qaramay, loyiha to‘xtatilmadi va bu yilda barcha muassasalardagi o‘quv jarayonlari kabi onlayn tartibga o‘tdi. Bugungi kunda biz raqamli texnologiyalarning yordami bilan o‘quvchilar va o‘qituvchilar qayerda bo‘lishlaridan qat'i nazar, ularning barchasi ta'lim olishlari mumkinligini, bu degani, yanada ko‘proq iqtidorli yoshlar bilim olishning, shu jumladan, AKT sohasida bilim olishning cheksiz imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkinligini namoyish etmoqdamiz”, – deb ta'kidladi Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi direktori janob Lyu Tszyasin.

“Seeds for the Future” (“Kelajak nihollari”) – bu Huawei kompaniyasining o‘z korporativ ijtimoiy javobgarligini bajarishi doirasida amalga oshiriladigan global dasturi. 2008 yilda Huawei kompaniyasining shtab-kvartirasi tomonidan ishga tushirilgan ushbu loyiha AKT sohasidagi mahalliy iste'dodlarni rivojlantirish, ularning dunyoqarashi va bilimlarini kengaytirish, iste'dodli yoshlar o‘rtasida telekommunikatsiya sohasiga bo‘lgan chuqur tushuncha va qiziqishni shakllantirishga qaratilgan, shuningdek, u mintaqaviy o‘zaro aloqalarni va raqamli hamjamiyatdagi ishtirokni yaxshilash va rag‘batlantirishga yordam beradi.

Reklama huquqi asosida

Жамшид Рузибаев
Tayyorlagan Жамшид Рузибаев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid