Texnologiya | 21:30 / 22.02.2026
4142
2 daqiqa o‘qiladi

Huawei fevral oxirida global taqdimot o‘tkazadi  

Taqdimot 26 fevral kuni Madrid shahrida bo‘lib o‘tadi. Mate 80 Pro smartfoni taqdimotning asosiy qurilmasi bo‘lishi kutilmoqda. 

Foto: Huawei

Xitoyning Huawei kompaniyasi o‘zining yangi qurilmalari, jumladan, Mate 80 turkumidagi smartfonlarining global taqdimoti o‘tkazilishini e’lon qildi.

Xabar qilinishicha, taqdimot 26 fevral kuni Madrid shahrida bo‘lib o‘tadi.

Mate 80 turkumidan Mate 80, Mate 80 Pro, Mate 80 Pro Max va eksklyuziv Mate 80 RS Ultimate Design modellari o‘rin olgan. Ushbu turkum Xitoyda o‘tgan yil noyabrda taqdim etilgandi. 

Hozircha barcha modellar xalqaro bozorda sotuvga chiqariladimi-yo‘qmi — aniqmas, lekin Mate 80 Pro taqdimotning asosiy qurilmasi bo‘lishi kutilmoqda. 

Mate 80 Pro 6,75 dyuymli LTPO OLED displey (FHD+ aniqlik, 120 Gs yangilanish chastotasi) bilan jihozlangan. Qurilma Kirin 9030 chipseti asosida ishlaydi va 5750 mAs sig‘imli akkumulyatorga ega. Tezkor quvvatlash ko‘zda tutilgan — sim orqali 100 Vt va simsiz 80 Vt.

Kameralar bloki 50 Mp asosiy sensor, 48 Mp periskopik modul va 40 Mp ultrakeng obektivni o‘z ichiga oladi. 

Smartfondan tashqari, Huawei FreeBuds 5 Pro simsiz quloqchinlari, Watch GT Runner smart-soati, MatePad Mini plansheti va Band 11 fitnes-brasletlarini ham taqdim etishi mumkin.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid