Joriy yilning 10 dekabr kuni O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovning Huawei kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Tan Syaosyan bilan amaliy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tomonlar qator muhim masalalar, jumladan, mamlakatda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.

Xususan, jamoat tartibini ta’minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida intellektual videonazorat tizimlarini joriy etish, ommaviy va sport tadbirlarining xavfsizligini ta’minlashda yuqori texnologiyalarni qo‘llash, kiberxavfsizlik masalalarida zamonaviy yechimlardan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, ta’lim sohasida innovatsion texnologiyalarni samarali qo‘llay oladigan malakali mutaxassislarni tayyorlash yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Uchrashuvda tomonlar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha yechimlarni joriy qilish va xavfsizlik sohasida qo‘shma loyihalarni rivojlantirish, shuningdek kadrlar tayyorlashda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha istiqbolli vazifalarni kelishib oldi.