Toshkentda yo‘l harakati jamiyati tuzildi. U yo‘l belgilari reviziyasini boshlagan
Yangi NNTga soha mutaxassislari, xususan YHX xodimlari asos solgan. Ular yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartishlar kiritish, Toshkentda to‘xtash va to‘xtab turishni taqiqlovchi belgilarni kamaytirish, avtoturargohlarni ko‘paytirishni taklif etmoqda. Jamiyatga a'zolik badali 10 ming so‘m etib belgilangan.
Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligi jamiyati nomli yangi jamoat birlashmasi poytaxt Adliya boshqarmasida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Yangi jamiyat tashabbuskor fuqarolar tomonidan, ixtiyoriylik asosida, nodavlat-notijorat va o‘zini o‘zi boshqarish tashkiloti sifatida tashkil etilgan, deb ma'lum qilindi 6 noyabr kuni tashkilotchilar o‘tkazgan matbuot anjumanida.
Ta'kidlanishicha, jamiyat a'zolari – ko‘p yillik bilim va tajribaga ega DYHX xodimlari va yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha mutaxassislardan iborat.
Jamiyatning asosiy maqsadi – yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashga hissa qo‘shish.
Faollarga ko‘ra, ko‘chada yurganda muammoli holatlarga istamagan tarzda duch kelish mumkin; jumladan, inspektor va haydovchi, inspektor va piyoda, inspektor va yo‘lovchi o‘rtasida bahsli holatlar bo‘lib turadi. Shunday vaziyatlarda masalaga oydinlik kiritish uchun jamiyatga murojaat qilish mumkin.
Jamiyatning vazifasiga yo‘llardagi harakat xavfsizligiga xizmat qiluvchi yo‘l belgilari, yo‘l chiziqlari, svetoforlar ishida kuzatiladigan kamchiliklarni o‘rganish ham kiradi.
Fuqarolar harakatlanish xavfsizligini ta'minlash yo‘nalishida o‘zlarini qiziqtirgan har qanday masalalar bo‘yicha mutaxassislarga murojaat qilib, amaliy va huquqiy yechimlarni topishda jamiyat xizmatidan foydalanishlari mumkin. Buning uchun jamiyatga a'zo bo‘lish hamda oylik a'zolik badalini to‘lash lozim. A'zolik badali 10 000 so‘m etib belgilangan va shundan so‘ng fuqaroga jamiyatga a'zolik haqida guvohnoma beriladi.
«Bugungi kunda ko‘chalarimizda yuzaga kelayotgan tirbandliklar Yo‘l harakati qoidalarining tegishli bandlariga zarur o‘zgartirishlar kiritishni talab etmoqda. Qoidalarimizning ayrim bandlari hozirgi kun talablariga javob bermaydi. Bular jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqilib, qonuniy yechim topiladi», – deydi jamiyat bosh mutaxassisi Mansurjon Rixsiyev.
Rixsiyevning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahrida to‘xtash, to‘xtab turish taqiqlangani aks etgan yo‘l belgilari juda ko‘payib ketgan. Biror tashkilotga kirmoqchi bo‘lgan kishi ulovini qo‘yishga joy topolmaydi. Taqiqlangan joyga qo‘yish esa jarimaga sabab bo‘ladi.
Ma'lum qilinishicha, yangi NNT bir qancha tashkilotlar bilan hamkorlikda yo‘l belgilari reviziyasini boshlagan. Ishga homiylarni jalb qilgan holda avtoturargohlarni ko‘paytirish va yo‘l belgilarini kamaytirish ustida ish olib borilmoqda.
Mavzuga oid
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024
Toshkentda ayrim ko‘chalar yopilishi haqidagi xabarlar rad etildi
16:17 / 07.11.2024