Jahon | 21:54 / 06.11.2020
3058
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Shengen hududini isloh qilish ustida ish boshladi

Yevrokomissiya rasmiy vakili Kristian Vigandning aytishicha, tashqi chegaralarda nazoratni kuchaytirish va boshqaruvni yaxshilash, chegaralarni boshqarishda umumlashgan tizim kabi masalalar Shengen makonining bo‘lajak strategiyasiga kiradi.

Foto: REUTERS/Wolfgang Rattay

 Yevropa komissiyasi (YeK) dekabrga qadar YeIning immigratsiya va boshpana bo‘yicha yangi pakti doirasida birinchi "Shengen forumi"ni tashkil etadi. Bu haqda YeKning rasmiy vakili Kristian Vigand ma'lum qildi.

"Shengen makoni – Yevropa ittifoqining eng yirik yutuqlaridan biri. Ichki chegaralarda nazorat o‘rnatmasdan Shengen hududining yaxlitligini va yaxshi faoliyat ko‘rsatishini saqlab qolish umumiy manfaatimiz hisoblanadi", - dedi u.

Vigand forum Shengen makonini isloh qilish bo‘yicha yo‘nalishlarni belgilab berishini aytdi. Ushbu uchrashuvda yevropalik deputatlar, YeIga a'zo davlatlarning ichki ishlar vazirlari va hukumatlar vakillari ishtirok etadi.

 Uning aytishicha, tashqi chegaralarda nazoratni kuchaytirish va boshqaruvni yaxshilash, axborot almashish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish va yaxshilash, chegaralarni boshqarishda Yevropa umumlashgan tizimi kabi masalalar Shengen makonining bo‘lajak strategiyasiga kiradi.

 Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanyul Makron mamlakat chegaralaridagi xavfsizlik kuchlari soni ikki baravarga ko‘paytirilishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 4800 nafar politsiyachi, jandarm va harbiylar "noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashga" jalb etiladi.

Mavzuga oid