O‘zbekiston | 09:07 / 10.11.2020
22881
3 daqiqa o‘qiladi

Avtomobil old qismiga monitor o‘rnatganlik uchun belgilangan ma'muriy javobgarlikni bekor qilish taklif etildi

Transport vositasi salonining old qismiga monitor o‘rnatganlik uchun belgilangan ma'muriy javobgarlikni bekor qilish taklif etilmoqda. “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida tegishli petitsiya joylashtirildi.

Foto: Tesla

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan Lacetti yoki Nexia-3, Cobalt va Spark avtomobillariga ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan zamonaviy GPS-navigatorli yoki Android displeyli moslamalar o‘rnatilmagan. Hozirgi zamonaviy Tesla avtomobilining saloni old qismida faqatgina bitta katta 17 dyuymli monitor o‘rnatilgan bo‘lib, barcha boshqaruv shu monitor orqali aks etadi, deyiladi murojaatda

“Bizda aksariyat avtomobillarga o‘rnatish mumkin emas. Haydovchilarimiz tomonidan o‘zlariga qulaylik yaratish maqsadida o‘rnatilganida ham bu qoidabuzarlik hisoblanadi. Chunki, bu O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-2-moddasi ikkinchi qismi bilan taqiqlangan. 

Axir, nima uchun? Biz zamonaviy qurilmalarni o‘z pulimizga sotib olib ham foydalana olmasligimiz uchunmi yoki haydovchilarga jarima solish uchunmi? O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-2-moddasi ikkinchi qismida shunday bayon etilgan: “Transport vositasi salonining old qismiga o‘zboshimchalik bilan monitor (displey) o‘rnatish — bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi”. 

Agar monitor (displey) ishlab chiqaruvchi zavod tomonidan o‘rnatilgan bo‘lsa, jarimaga tortilmaydi. Qani, mantiq? Fuqarolar tomonidan o‘zlari sotib olib o‘rnatishlariga ruxsat yo‘q. O‘rnatilgan taqdirda ham DYHXB xodimlari tomonidan jarimaga tortilishiga sabab bo‘ladi. Hozirgi premium toifadagi barcha avtomobillar multimedia displeyli monitorlar bilan jihozlangan. Bu, o‘z navbatida, GPS-navigatordan foydalanishda bir qator qulayliklarni yaratadi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Yuqoridagilarga asoslangan holda, xalq uchun yanada qulayliklar yaratish maqsadida Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-2-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan transport vositasi salonining old qismiga monitor (displey) o‘rnatganlik uchun belgilangan ma'muriy javobgarlikni bekor qilish taklif etilmoqda.

Mavzuga oid