O‘zbekiston | 21:14 / 10.11.2020
51677
3 daqiqa o‘qiladi

«Haj» va «Umra» ziyoratini tashkil etishda rasman monopoliya o‘rnatilishi mumkin

Bloger Xushnud Xudoyberdiyev telegram sahifasida Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 364-sonli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi hujjat loyihasi ishlab chiqilganini xabar bermoqda.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimiga joylangan mazkur qaror loyihasida 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda fuqarolarning «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faqat O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi hamda O‘zbekistonda boshqa tashkilotlarning «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi qoida belgilangan.

Aytish lozimki, qarorning amaldagi tahririda O‘zbekiston Musulmonlari idorasidan boshqa tashkilotlarning «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etishlariga rasmiy taqiq belgilanmagan.

Ushbu loyiha bilan batafsil tanishish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalidan amalga oshirgan qidiruvlar natija bermadi. Loyiha ushbu platformaga joylanmay, «yopiq eshiklar ortida» qabul qilinib ketishi ehtimoli mavjud.

Ma'lumot uchun, prezident qaroriga asosan, barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirilishi lozim.

Jamoatchilik muhokamasiga e'lon qilingan yangi tahrirdagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonuni loyihasining 15-moddasida (Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning diniy sohadagi vakolatlari) qo‘mita O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining mamlakat tashqarisidagi ziyorat joylariga borishini, shu jumladan, Haj va Umra ibodatini amalga oshirishni tashkil qiladi, degan qoida aks etgan.

Amaldagi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunda qo‘mitaga bunday vakolat berilmagan.

Mavzuga oid