O‘zbekiston Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochish to‘liq to‘xtatilganini olqishlaydi - Shavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochish to‘liq to‘xtatilganini olqishlashini ma'lum qildi. Bu haqda prezident 10 noyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklida o‘tkazilgan majlisida aytib o‘tdi.
«Tog‘li Qorabog‘ mojarosi hududidagi o‘t ochish va barcha harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatish to‘g‘risida Rossiya Federatsiyasining faol ko‘magida erishilgan kelishuvlarni olqishlaymiz. Ushbu hududda tinch hayot va barqarorlik tez fursatda tiklanishiga umid bildiramiz», degan O‘zbekiston rahbari.
Tog‘li Qorabog‘da Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi navbatdagi qurolli mojaro shu yilning 27 sentyabrida boshlangandi. Tomonlar bir-birini provokatsiyada va keng ko‘lamli harbiy harakatlarni boshlashda ayblab kelishgan edi. Rossiya, AQSh va Fransiya rahbarlari ikki mamlakatni to‘qnashuvlarni to‘xtatishga va oldindan shartlarsiz muzokaralarni boshlashga chaqirishgan. Turkiya esa Bokuni faol qo‘llab-quvvatlab, bu masalani muzokaralar yo‘li bilan hal qilish imkonsizligini bildirgandi.
9 noyabr kuni Armaniston, Rossiya va Ozarboyjon rahbarlari Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarning to‘xtatilishi to‘g‘risida bayonot imzoladi. Kelishuvga ko‘ra Armaniston Ag‘dam, Kelbarja va Lochin tumanlarini Ozarboyjonga topshiradigan bo‘ldi. Bu qaror ortidan Armaniston poytaxti Yerevanda norozilik namoyishlari boshlandi. Mamlakat bosh vaziri bu qarorni armiyaning talabi bilan qabul qilganini bildirdi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlari kengashining majlisi 10 noyabr kuni videoanjuman shaklida o‘tkazildi. Rossiya raisligida o‘tkazilgan ushbu uchrashuv kun tartibidan yangi global xatar va tahdidlarning kuchayishi sharoitida ShHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan.
Mavzuga oid
18:41 / 17.04.2024
Rossiya tinchlikparvar kuchlari Tog‘li Qorabog‘ni tark etishni boshladi
00:24 / 03.11.2023
Ozarboyjon o‘z qo‘shinlarini Armaniston chegarasidan olib ketdi
22:05 / 17.10.2023
Ozarboyjon prezidenti Qorabog‘ mojarosi mavzusi abadiy yopilganini aytdi
23:05 / 04.10.2023