O‘zbekiston | 19:03 / 13.11.2020
10493
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekneftgaz» AJ korxonalarining mahalliylashtirish va kooperatsiya pavilonida bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Qarshi shahrida «O‘zbekneftgaz» AJning mahalliylashtirish va kooperatsiya paviloni ishga tushirildi. Davlatimiz rahbari mazkur pavilonga tashrif buyurib, unda namoyish etilgan eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyevga «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan mazkur pavilon, uni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad hamda kelgusida uni takomillashtirish rejalari haqida axborot berildi.

Bugun tarmoqda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining deyarli 50 foizidan ortig‘i Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan sanoat obektlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu sababdan, tarmoq korxonalari uchun zarur mahsulotlar, butlovchi qism va materiallarni bevosita ushbu viloyat mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish asosiy maqsad qilib olingan.

Shundan kelib chiqib, joriy yilning fevral oyida Qarshi shahrida ilk marotaba «Neftgaz kooperatsiya forumi» o‘tkazilgan edi. Forumda 200dan ortiq korxona ishtirok etib, umumiy qiymati 117 mlrd so‘mlik 175 ta shartnoma imzolandi. Bugungi kunda umumiy qiymati 64 mlrd so‘mlik 56 ta shartnoma bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilib, mahsulot va xizmat yetkazib berilishi yakunlandi.

Ushbu tadbirning mantiqiy davomi sifatida Qarshi shahridagi Korxonalarni xususiylashtirish va sog‘lomlashtirish klinikasida «O‘zbekneftgaz» AJning mahalliylashtirish va kooperatsiya paviloni tashkil etildi. Mazkur pavilonda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan yaqin yillarda o‘zlashtirilgan 100ga yaqin mahsulotlar hamda ishlab chiqarish uchun taklif etilayotgan 500ga yaqin mahsulot namunalari joylashtirilgan.

Mahsulotni o‘zlashtirish istagini bildirgan tadbirkorlar uchun pavilonning o‘zida operativ rejimda barcha zarur ma’lumotlar taqdim etish imkoniyati yaratilgan. Shu jumladan, mahsulotning ko‘rinishi, turi, markasi, texnik xususiyatlari, o‘rtacha narxi, texnik talabnomasi shu yerning o‘zida taqdim etiladi.

Alohida monitorlarda «O‘zbekneftgaz» AJning importdan xarid qilinayotgan va ishlab chiqarish uchun taklif etilayotgan mahsulotlari onlayn ko‘rgazmasi platformasi ham keltirilgan. Ushbu onlayn ko‘rgazmada tarmoq ehtiyoji uchun zarur 8,5 mingdan ortiq turdagi mahsulot va xizmatlar korxonalar kesimida joylashtirilgan.

Bundan tashqari, pavilonda burg‘ilash, qazib olish, qayta ishlash korxonalari texnologik qurilmalari haqida ko‘rgazmali stendlar joylashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev pavilon bilan tanishar ekan, «O‘zbekneftgaz» AJ tizimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kooperatsiya darajasini yanada kengaytirish, xaridlar jarayonlarini tizimlashtirish va raqamlashtirish ishlariga jiddiy urg‘u berish zarurligi yuzasidan topshiriqlar berdi.

 

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekneftgaz» AJning 2020 yil uchun mahalliylashtirish dasturi doirasida 1,2 trln so‘mlik 15 turdagi mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Xususan, piroliz gazolini, yevro 4,5 dizel yoqilg‘isi, bentonit kukuni, tomchilatib sug‘orish tizimi va hokazo. Mahalliylashtirish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hisobiga import hajmini 247 mln dollarga qisqartirishga erishiladi.

Joriy yilning yanvar–oktabr oylarida Respublika kooperatsiya portali orqali 600 mlrd so‘mdan ziyod mahsulotlar xarid qilinib, 246 ta mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik o‘rnatildi (shundan 48 tasi yangi korxonalar). Bu yil kooperatsiya asosida aktivlashtirilgan ko‘mir (iqtisod 110 ming dollar), korroziyaga qarshi ingibitorlar (800 ming dollar), gaz bosimini o‘lchagichlar (254 ming dollar), turli xil quvurlar va boshqalar ishlab chiqarilishi tashkil etildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati 

Mavzuga oid