O‘zbekiston | 15:00 / 15.11.2020
7028
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz»: Boshqaruv raisi mavjud muammo va sharoitlarni o‘rganish maqsadida Muborakdagi kon rahbarlari bilan uchrashdi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida 2020 yil oktabr oyi va 10 oylik neft, gaz, kondensat qazib chiqarish bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilish tahlili hamda yil yakuniga qadar qazib chiqarishga oid chora-tadbirlarni amalga oshirilishi yuzasidan konlar boshliqlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Boshqarma tasarrufidagi hozirgi kunda ishlatilayotgan 26 nafar neft va gaz konlarining boshliqlari bilan har bir kon bo‘yicha, har bir quduq kesimida amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqilib, kondagi qazib chiqarish jarayonlari, quduqlardan qazib olinayotgan tabiiy gaz va suyuq uglevodorodlar ko‘rsatkichlari, quduqlarni burg‘ilash, kapital ta’mirlash ishlari muhokama qilindi.

Boshqaruv raisi hozirgi vaqtda hukumat tomonidan neft-gaz sohasiga alohida e’tibor va amaliy yordam berilayotgani, barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilganini ta’kidlab o‘tdi. O‘z o‘rnida kuz-qish mavsumida barcha qurilma-obektlar ishlashining uzluksizligini ta’minlash, qish mavsumida tabiiy gaz yetkazib berishni ustuvor vazifa deb bilib, mavjud resurslarni maksimal jalb qilish, ko‘rsatkichlarni so‘zsiz bajarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Kon boshliqlari va konlardagi muhandis texnik xodimlar, quduqlar kuzatuvchilari tomonidan kecha-yu kunduz tashkil etilgan nazoratni yanada kuchaytirish, vazifani vijdonan va tashabbus bilan olib borish, qazib chiqarish ko‘rsatkichlari tushib ketishining oldini olish, reja bajarilishida konlardagi ishchi xodimlarni moddiy rag‘batlantirish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida 2020 yilda rejalashtirilgan quduqlarni burg‘ilash ishlarini o‘z vaqtida tugatish, qazib chiqarish hajmlarini oshirish yuzasidan qo‘shimcha tadbirlarni ishlab chiqish, hozirda kapital ta’mirlash ishlari olib borilayotgan quduqlarni sifatli ta’mirlash va samaradorligini oshirish masalalariga oid muhokama bo‘lib o‘tdi. Boshqaruv raisi qurilish olib borilayotgan maydonlardagi holatni ham joyiga chiqqan holda o‘rgandi.

Mas’ul rahbarlarga yana bir bor, karantin cheklovlari bekor qilinmagani, balki yumshatilganini yodda tutish lozimligi, unga qat’iy amal qilgan holda qazib chiqarish jarayonlari hamda loyiha doirasidagi ishlarni amalga oshirishda kasallikni oldini olib ish jarayonini olib borish bo‘yicha topshiriq va vazifalar berildi.

Shtab yig‘ilishi davomida majmua, kon, sexlar bilan bo‘lgan muloqotda ishlab chiqarish jarayonida joylarda mavjud muammolar va tezkor bajarilishi lozim bo‘lgan masalalar to‘g‘risida tegishli mas’ul xodimlarga belgilangan muddatda ijrosini ta’minlash aytib o‘tildi.

Konlardagi mavjud muammo va shart-sharoitlar, oziq-ovqat sifatini yanada yaxshilash va uning tarkibini doimiy nazorat qilish, bu yo‘nalishda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning manfaatdor bo‘lishi uchun barcha sharoitlar yaratishga alohida e’tibor berildi.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh boshqarma tasarrufidagi «Alan» va «Zevarda» konlaridagi past bosimli siquv kompressor stansiyalaridagi qurilish jarayoni, burg‘ilash hamda kapital ta’mirlashdagi quduqlarda olib borilayotgan ish holati bilan tanishib chiqdi.

Qurilish maydonida – kompressor stansiya uchun keltirilgan va yetkazib berilayotgan ehtiyot qismlar, jihozlar, asbob-uskunalar o‘rnatilishi, montaj ishlari o‘rganib chiqildi.

Shundan so‘ng, «Zevarda» konida tashkil etilgan shtabda dastur asosida qurilishi olib borilayotgan «Alan», «Zevarda», «Dengizko‘l» siquv kompressor stansiyalarining pudratchi tashkilot rahbar va ijrochilari tomonidan obektlarda olib borilayotgan qurilish ishlari va holati bo‘yicha hisobot tinglandi.

Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi yig‘ilishda qurilishi olib borilayotgan stansiyalarda hamda boshqa qurilma obektlarni belgilangan muddatlarda sifatli ishga tushirish, barcha imkoniyatlarni jalb qilish, muammoli masalalar va ularning yechimi yuzasidan fikr almashildi va ishlarni o‘z vaqtida yakunlash vazifasi yuklatildi.

Boshqaruv raisi tomonidan pandemiya davrida ish maydonida nazoratni kuchaytirish, barcha texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish, ish joylarini tez-tez dezinfeksiya qilish, ogohlikni oshirish, ishchi xodimlar orasida infeksiya tarqalishining oldini olish choralarini ko‘rish bo‘yicha korxona rahbari va pudratchi hamkorlar rahbarlariga aniq topshiriqlar berildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid