Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
USAID’ning o‘ninchi Markaziy Osiyo savdo forumi virtual ko‘rinishda ish boshladi
16 noyabr kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan tashkillashtirilgan o‘ninchi Markaziy Osiyo savdo forumi o‘z ishini boshladi.
Har yili o‘tkazib kelinadigan mazkur xalqaro tadbir Markaziy Osiyo va undan tashqarida mintaqaviy savdo-sotiq va o‘zaro bog‘liqlikni ilgari surishga qaratilgan. Bu yilgi besh kunlik virtual tadbirlarda 39 davlat, jumladan, AQSh, Afg‘oniston, Gruziya, Germaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Latviya, Litva, Rossiya, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, BAA, Buyuk Britaniya, Ukraina, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar vakili bo‘lgan 4000 nafar ishtirokchi hamda 100 nafar ma'ruzachi ishtirok etmoqda.
Bu yilgi forum “Markaziy Osiyo – o‘sish va farovonlik” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, uning doirasida COVID-19 pandemiyasidan keyingi iqtisodiy tiklanish davrida Markaziy Osiyoda kuzatilayotgan yangi tendensiyalar va bozor jarayonlari ko‘rib chiqiladi.
Virtual ko‘rinishda o‘tadigan tadbirlarga turfa xil onlayn platformalar, shu jumladan, Zoom, Facebook Live hamda YouTube orqali ulanish mumkin. Uchrashuvlarda global va mahalliy ekspertlar, novator va biznesmenlar ishtirok etib, muhokamalar Markaziy Osiyodagi savdo-sotiqni rivojlantirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadigan o‘zaro hamkorlik rishtalarini yo‘lga qo‘yishga qaratiladi.
Ishtirokchilar onlayn shaklda jonli o‘tadigan uchrashuvlarga ulanib, mintaqaviy ta'minot zanjirlarining COVID-19’ga moslashishi, Markaziy Osiyoda turizmning tiklanishi, mintaqa elektron bozorini shakllantirish yo‘lidagi sa'y-harakatlar, mintaqa elektron bozorini rivojlantirish yo‘lidagi muammo va imkoniyatlar, davlat bilan xususiy sektor o‘rtasidagi muloqotni yo‘lga qo‘yish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va boshqa qator mavzularga bag‘ishlangan muhokamalarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, forum davomida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari bo‘lgan 20dan ziyod meva-sabzavot va bog‘dorchilik mahsulotlari yetishtiruvchilari “Savdo dunyosi” (World of Trade) chakana savdo forumi orqali potensial sheriklar bilan bevosita muzokaralar o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi.
Oxirgi o‘n yil davomida Markaziy Osiyo savdo forumi o‘z atrofida 30dan ziyod mamlakatning 5 mingdan ziyod hukumat a'zolari, biznesmen va olimlarini birlashtirib, ularga yangi tendensiyalar haqida ma'lumot olish, g‘oyalar almashish, hamkorlik rishtalarini o‘rnatish va sheriklikni amalga oshirish imkoniyatini taqdim etdi.
Oxirgi o‘n yillikda Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi o‘zaro savdo hajmi ikki barobardan ko‘pga o‘sib, yiliga deyarli 6 milliard AQSh dollarini tashkil etmoqda.
Forum USAIDning “Raqobatbardoshlik, savdo va ish o‘rinlari” loyihasi tomonidan “Adventure Travel” savdo assotsiatsiyasi, O‘zbekistondagi Amerika savdo-sanoat palatasi, CERT akademiyasi, Logistika va transport Qirollik instituti, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, “Global Cold Chain Alliance” uyushmalar guruhi, Qozog‘iston transport ittifoqi, “Lonely Planet” nashriyoti, “Indy Guide” sayyohlik axborot markazi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Jahon turizm tashkiloti, “Wideoyster” onlayn jurnali, “Women in Logistics and Transport” xalqaro tashkiloti va World Travel Market sayyohlik ko‘rgazmasi bilan sheriklikda tashkillashtirilmoqda.
USAID dunyodagi yetakchi xalqaro taraqqiyot agentligi bo‘lib, taraqqiyot sohasidagi ijobiy natijalarga turtki beruvchi samarali tuzilmadir.
Mavzuga oid
17:37 / 13.06.2026
16−18 iyun kunlari Toshkent shahriga yuk mashinalari kiritilmaydi
17:36 / 05.06.2026
Saida Mirziyoyeva UNEP va GEF rahbariyati bilan uchrashdi
22:23 / 14.05.2026
Osiyo xotin-qizlar II forumida Buxoro deklaratsiyasi qabul qilindi
19:30 / 14.05.2026