O‘zbekiston | 22:36 / 17.11.2020
5528
2 daqiqa o‘qiladi

Professional ta'lim muassasalariga kirish uchun beriladigan imtiyozlar va grant o‘rinlari haqida ma'lumot berildi

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Aziz Meliboyev professional ta'lim muassasalariga kirish uchun beriladigan imtiyozlar va grant o‘rinlari haqida ma'lumot berdi, – deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekistonning professional ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida imtiyoz va grantlar masalasiga ham aniqlik kiritib ketilgan.

«Bunda kasb-hunar maktablariga ijtimoiy himoya reyestriga kirgan 9-sinf o‘quvchilari qabul qilinadi.

Shuningdek, idoraviy kollejlarga jami 17 ming 762 nafar grant o‘rinlari belgilangan. Texnikumlarga esa 9 ming 199  grant o‘rin», – dedi vazirlik mutasaddisi 16 noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Aziz Meliboyevning qo‘shimcha qilishicha, professional ta'lim muassasalariga qabul bo‘yicha ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari uchun ham alohida kvotalar ajratilishi belgilab berilgan.

«Unga ko‘ra, test sinovlari o‘tgandan keyin onlayn qabul qilingan hujjatlar orqali abituriyentlar to‘ldirgan qo‘shimcha ma'lumotlar bilan kim bu imtiyozlardan foydalanishi mumkinligiga aniqlik kiritib olamiz. Bunda bolaning mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandi ekanligi inobatga olinadi», – dedi boshqarma boshlig‘i.

Eslatib o‘tamiz, kollej va texnikumlarda kontrakt narxi 3,9 – 4,2 million so‘m oralig‘ida.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid