Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda 2020 yilga qadar 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan «Ta'lim to‘g‘risida»gi Qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi asosida ta'lim tizimidagi bosqichlardan biri sifatida o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi nomli professional ta'lim tizimi amal qildi. Unga ko‘ra, o‘quvchilar 9+3 sxemasi bo‘yicha 12 yillik umumiy majburiy bepul ta'limni o‘zlashtirish belgilangan edi.

Xolmuhammedovga ko‘ra, prezident Mirziyoyev tomonidan 2019 yil 6 sentyabr kuni imzolangan «Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmon bo‘yicha avvalgi, 23 yil amalda bo‘lgan ta'lim tizimi ham qayta, tanqidiy tahlil qilingan. Bu tahlilda esa tizim, uning yoshlar, umuman, xalqqa qanchalik xizmat qilayotgani o‘rganilgan.

«Biz ikki-uch yillik o‘rganish davomida xalqaro tashkilot, institutlarning mutaxassislari va vazirliklar bilan avvalgi tizim o‘rniga professional ta'lim tizimi joriy qilishni ham kelishib oldik.

Xo‘sh, biz yo‘lga qo‘ygan yangi professional ta'lim tizimi avvalgi kasb-hunar ta'lim tizimidan nimasi bilan farq qiladi?

Javob shunday bo‘ladiki, avvalgi ta'lim tizimi bir xil qolipda, bir xil standartda ishlaydigan va davomiyligi 3 yil bo‘lgan o‘rta-maxsus kasb-hunar kollejlarida o‘tkazilardi», – dedi vazir o‘rinbosari 16 noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Murodilla Xolmuhammedov o‘z nutqi davomida, shuningdek, O‘zbekistonda amalga kiritilayotgan hozirgi, yangi ta'lim shakli bo‘yicha ham tushuntirish berdi.

«Bu yangi ta'lim shakli 3 yo‘nalishga bo‘linadi.

Birinchi yo‘nalishkasb-hunar maktablari.

O‘quvchilar yuqori sinfda boshlang‘ich professional ta'lim dasturlari asosida kasbiy tayyorgarlikdan o‘tadi. Kasb-hunar maktablarining soni 339 ta qilib belgilandi.

Biz kasb-hunar maktablariga birinchi bor qabulni amalga oshirdik va hozir o‘quv jarayonlari davom etyapti.

Ikkinchi yo‘nalish — idoraviy kollejlar.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining turli sohalariga faol tarzda katta investitsiyalar kiryapti. Bu investitsiyalar bo‘yicha joylarda qilinayotgan loyihalarning barchasi yangi innovatsion texnologiyalarda ish yuritishga asoslangan. Yangi ochilayotgan ish o‘rinlari ham yangi texnologiyalarga asoslanadi.