Maxsus iqtisodiy zona davlatning boshqa hududiga nisbatan alohida maqomga ega rivojlanish makoni hisoblanadi. Uning hududida ish boshlagan investorga soliq va boj imtiyozlari taqdim etiladi. Bunday hududlarni tashkil etishdan maqsad davlatning ayrim hududlarini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish yoki alohida sohaga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishdan iborat. O‘zbekistonda ham maxsus iqtisodiy zonalar shu zaylda ko‘paya boshladi.

«Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016 yildagi ilk farmonlaridan biri maxsus iqtisodiy zonalar tahlili, ularning ish faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgandi», — deydi Senat qo‘mitasi raisi Ravshan Alimov.
2020 yil 1 yanvarda kuchga kirgan amaldagi Soliq kodeksiga muvofiq, maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari bo‘lmish investorlarga taqdim etilgan ko‘plab imtiyozlar bekor qilindi. Bunga hukumatning zonalarni istiqbolsiz loyiha sifatida ko‘rishi sabab bo‘ldi. Imtiyozlar bo‘lmas ekan, zonalarning jozibadorligi ham yo‘qola boshladi.
«Bir yoqadan bosh chiqarib, tezkor choralar ko‘rilmasa, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatining samaradorligi savol ostida qolyapti. Bugungi kunda bunday zonalar nima sababdan davlat rahbari belgilagan jozibadorlikka erisha olmayapti? Shu savolga javob topib, tegishli choralar ko‘rmasak, menimcha, bunday zonalar haqida so‘z yuritish qiyin bo‘lib qoladi», — deya qayd etdi Alimov.

16 noyabr kuni o‘tkazilgan Senatning tegishli qo‘mitasi yig‘ilishida bu masala muhokamaga qo‘yildi. Senatorlar masalani o‘rganib, sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, normativ-huquqiy hujjatlarning ayrim bandlarida qarama-qarshilik va nomuvofiqliklar borligi, ular davlat organlari tomonidan turlicha talqin etilayotgani kuzatilyapti, degan xulosaga kelishgan.
«Har bir maxsus iqtisodiy zonalarda rivojlanishning uzoq muddatli strategiyasi mavjud emas. Bundan tashqari, zonalarda boshqaruv tizimi yetarlicha samara bermaydi va investitsion loyihalarni tanlab olishga mas'ul organ, ya'ni ma'muriy kengash tomonidan investitsiya talablarini ko‘rib chiqish muddatlari cho‘zilib ketyapti. Natijada maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalarining ma'muriy imkoniyatlari cheklanmoqda», — deya fikr bildirdi senator Anvar To‘ychiyev.
















