Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Senatorlar mulk huquqidan asossiz ravishda mahrum etishdan himoya qilish kafolatini mustahkamlovchi qonunni ma'qulladi
Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisida «Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi.
Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov qonunning ahamiyatiga to‘xtaldi.
«So‘nggi yillarda xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining Konstitutsiyada kafolatlangan daxlsizligini ta'minlash borasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Lekin ayrim joylarda mazkur normativ-huquqiy hujjatlarning amalda ijrosi ta'minlanmagan. Buni mazkur yo‘nalishda Senatga kelib tushayotgan murojaatlar sonining deyarli ikki barobarga ko‘payganidan ko‘rish mumkin.
Xususan, 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi ma'muriy sudlari tomonidan mahalliy hokimliklarning qarorlarini haqiqiy emas deb topishga doir jami 3 mingga yaqin ishlar ko‘rilgan bo‘lib, ularning 42 foizi qanoatlantirilgan», dedi Narimon Umarov.
Majlisda aytilishicha, mazkur qonun bilan «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida»gi, «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi, «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga hamda Yer kodeksiga o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Bundan ko‘zlangan maqsad, birinchi navbatda, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun hokimlar tomonidan olib qo‘yilishiga taqiq belgilashdir.
O‘z o‘rnida, kiritilayotgan normaga asosan, yer uchastkasini yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish yer egasining roziligi bo‘lgan taqdirda yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishilgan holda xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari qaroriga yoki Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Qolaversa, amaldagi qoidalardan farqli o‘laroq, endi yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan foydalanish huquqi, shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini bekor qilish aksariyat holatlarda sud tomonidan amalga oshiriladi. Bunday holatlar etib qonunda yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanish, yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaslik, qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yer solig‘ini muntazam to‘lamaslik kabilar belgilanmoqda.
O‘z o‘rnida, tuman, shahar, viloyat hokimlarining qarori yoki Vazirlar Mahkamasi qarori bilan yer uchastkasiga egalik qilish huquqi yoxud undan foydalanish huquqini faqat to‘rt holatda tugatish amalga oshirilishi mumkin. Ya'ni yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda, yer uchastkasi berilgan muddat tugaganda, yuridik shaxs tugatilganda, xizmatda foydalanish uchun yer berishga asos bo‘lgan mehnatga oid munosabatlar bekor bo‘lganda.
Bundan tashqari, qonunda korxona va tashkilotlarni davlat tasarrufidan chiqarish hamda mol-mulkni xususiylashtirish natijalarining qayta ko‘rib chiqilishi va bekor qilinishiga yo‘l qo‘yilmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilishi belgilanmoqda.
Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida mulkdorlar huquqlari, ularni o‘z mulkiga bo‘lgan mulk huquqidan asossiz ravishda mahrum etishdan himoya qilish kafolati mustahkamlanadi. Qolaversa, yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarining o‘rni, shu jumladan, davlat tomonidan to‘liq qoplanadi.
Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.
Mavzuga oid
19:45 / 13.06.2026
Senat aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
15:29 / 13.06.2026
Senat Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risidagi qonunni rad etdi
18:07 / 11.06.2026
Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
08:33 / 05.06.2026