Jahon | 22:39 / 20.11.2020
5539
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya xorijiy sayyohlarni komendantlik soatiga amal qilishdan ozod etdi

Turkiyada xorijiy sayyohlarga koronavirus tarqalishi oldini olish uchun kiritilgan komendantlik soatiga amal qilmaslikka ruxsat berildi. Ular dam olish kunlari amal qiladigan komendantlik soati vaqtida ijaraga olingan mashinalarda mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanishlari mumkin bo‘ladi.

Foto: Reuters

Mamlakatda, shuningdek, restoran, kafe, kinoteatr va madaniy obektlar tashriflar uchun yopiq bo‘ladi. 

“Turkiyaga sayyohlik maqsadlarida keluvchi xorijliklar komendantlik soatidan ozod qilindi”, deb ma'lum qilingan Turkiya ichki ishlar vazirligida. 

Shuningdek, mehmonxonalardagi restoran va kafelar hamda aeroportlardagi ovqatlanish joylari va do‘konlar odatdagi tartibda ishlashni davom ettiradi. 

Avvalroq Turkiyada 20 noyabrdan boshlab dam olish kunlari komendantlik soati kiritilishi e'lon qilingandi. Unga ko‘ra, shanba soat 20dan yakshanba soat 10gacha va yakshanba soat 20dan dushanba soat 5gacha ko‘chaga chiqish taqiqlanadi. Do‘konlar, sartaroshxonalar, go‘zallik salonlari va shunga o‘xshash xizmat ko‘rsatish shoxobchalari soat 10dan soat 20gacha ishlaydi. Sport zallari, kinoteatr va muzeylar yopiladi. Sport tadbirlari tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi.    

Turkiya hukumati 15 kun davomida kiritilgan choralar naf bergani-yo‘qligi ortidan kuzatuv olib boradi. Shundan keyin ular kutilgan samara bermagan deb topilsa, yanada qat'iylashtirilishi mumkin. Jumladan, dam olish kunlari uylardan chiqish to‘liq taqiqlanishi mumkin.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Turkiyada so‘nggi sutkada 4,5 mingdan ko‘proq, pandemiya boshidan beri esa 430 mingdan ko‘proq kasallanish holati qayd etilgan, 12 mingga yaqin odam infeksiyadan vafot etgan. 

Mavzuga oid