Jamiyat | 10:59 / 23.11.2020
36509
10 daqiqa o‘qiladi

1ga 10 - 500 mln qarz uchun 5 mlrd so‘mlik korxona tortib olinishi mumkinmi? Xorazmda mumkin

Tasavvur qiling-a, sizning avtomobilingizni kimdir garovga qo‘yib, arzimagan qarz olsa va oradan bir muddat o‘tgach, o‘sha arzimagan qarzni uza olmagani uchun sizning avtomobilingiz qarz beruvchiga berib yuborilsa. Bunda sizni hech kim tinglamasa, arzingizga hech kim quloq osmasa! Endi xayolingizga biroz erk berib, avtomobil o‘rnida bir necha milliard so‘mlik korxonani tasavvuringizga keltiring.

Beixtiyor inson huquqlari va xususiy mulk davlat tomonidan kafolatlanadigan mamlakatda bunday bo‘lishi mumkin emas, degingiz keladi. To‘g‘ri, lekin afsuski, bu gap O‘zbekistonga tegishli emas. Bunday holatlar yaqin tarixda ko‘plab topiladi. Bir necha yildirki, o‘z mulkidan xuddi shu yo‘l bilan ayrilgan rossiyalik tadbirkor Egambergan Jabborov haqiqat uchun kurashib kelmoqda.

Ammo, lekin, biroq... haqiqat bozorda sotilmaydiki, uni xarid qilib, kerakli o‘rniga qo‘yilsa. Asli xorazmlik tadbirkor qismati misolida yuqoridagi fikrlarni asoslashga urinamiz.

Kun.uz saytida 2019 yil 25 sentyabrda «Qonunlaringiz amalda ishlamayapti». Xorazmda korxonani bankrotlik yoqasiga olib kelishda sun'iy sxemalardan foydalanilganmidi?» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Maqolada RF fuqarosi Egambergan Jabborov murojaati asosida «Xorazmmaxsustuzatish» OAJning qanday qilib sun'iy ravishda bankrot qilingani, bir necha milliard so‘mlik korxona soxtalashtirilgan hujjatlar bilan 500 mln so‘m atrofidagi qarzdorlik uchun «Agrobank» ATBga berib yuborilgani ma'lum qilingandi.

Maqolada tadbirkor mulki qanday qilib tortib olingani batafsil yoritilgani bois, bu safar bankrotlik bilan bog‘liq holatlarga chuqur to‘xtalmaymiz. Bu gal, korxona buyurtma bilan bankrotlikka olib kelinganini tasdiqlovchi guvoh – 2009 yil 2 oktyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan Ozod Adizov hamda korxona kreditori – sud adolatini talab qilib, turli darajadagi idoralarning taqillatmagan eshigi qolmagan rossiyalik tadbirkor Egambergan Jabborovga quloq tutamiz.

«Kreditorlar ro‘yxatida ma'lumotlarni soxtalashtirib, bankning kredit bo‘yicha talablarini 70 foizdan ortiq, deya tashkillashtirib, dastlabki kredit miqdori 470 mln so‘mlik kredit uchun aslida bozor qiymati 5 mlrd so‘mdan yuqori baholanuvchi, 4 mlrd 680 mln so‘mlik korxonani tugatish ishida bank balansiga o‘tkazib yuborishga muvaffaq bo‘lgan.

Jinoiy ish qo‘zg‘atildi, biroq jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tib kelgani vaji bilan ishni qayta ko‘rib chiqish rad etilmoqda», – deydi Adizov, 2009 yil 15 oktyabrga qadar korxonaning bankrotlik jarayonlari nazoratini yuritgan mansabdor sifatida.

Korxonaning bankrot bo‘lishiga nima sabab bo‘lgandi?

«Ollobergan Hakimov 2008 yil fevralda korxonaga yangi rahbar sifatida tayinlangan. U o‘sha yilning 22 fevralida «Paxtabank»dan bir yil muddat bilan (hozirgi «Agrobank») 350 mln so‘m kredit olgan. Oradan 1 yil o‘tgan bo‘lsa-da, bir foiz ham qaytarilmagan va 2009 yil 26 fevral holatiga 358 mln so‘mni tashkil etgan.

Ikkinchi masala. Hakimovdan oldingi rahbar vaqtida omborda katta miqdorda tayyor mahsulot bo‘lgan. Shundan 550 mln so‘mlik mahsulot puli olinmasdan (debitorlik kredit) chiqarib yuborilgan.

Bu mahsulotlarning puli olinmagan bo‘lsa-da, korxona ularni sotganini ko‘rsatgani sababli soliq idorasi 139 mln so‘mdan oshiqroq daromad solig‘i hamda ushbu soliqni to‘lamagani uchun 47 mln so‘mdan ortiq penya belgilaydi», – deydi Ozod Adizov.

«Korxonaning 555 mln debitorlik qarzi bo‘lgan, uni undirmagan, 716 mln so‘mlik tayyor mahsuloti bo‘lgan, uni sotmaydi», – deya aniqlik kiritadi Egambergan Jabborov.

«Soliq inspeksiyasi katta qarzdorligi bois, 2009 yilda o‘sha vaqtdagi xo‘jalik sudiga da'vo ariza kiritadi. Birinchisi qaytariladi, chunki bu vaqtda korxona rahbari turli idoralarga murojaat qilib, soliqni undirish bo‘yicha ijro harakatlarini to‘xtatib turishga erishgan bo‘ladi. Soliq inspeksiyasi tomonidan ikkinchi marotaba da'vo arizasi kiritilgach, xo‘jalik sudi 2009 yil 26 iyun kuni korxonani bankrot deb e'tirof etish hamda tugatishga doir ish ochish bo‘yicha qaror qabul qiladi.

Chunki bu vaqtga kelib, korxonaning salkam 660 mln so‘mlik muddati o‘tgan qarzdorligi bo‘ladi. Shu bilan tugatish ish boshqaruvchi tayinlanadi, korxona to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkaziladi; auditorlik tekshiruvi o‘tkazilib, ko‘plab kamchiliklar aniqlanadi. Olingan kreditlar maqsadsiz sarflangani ma'lum bo‘ladi», – deya hikoya qiladi Ozod Adizov.

Biroq ko‘p o‘tmay barchasi o‘zgaradi. Mol-mulklar baholanib, ochiq auksion savdolariga qo‘yilganiga qaramay, 2009 yil 13 noyabrda o‘tkazilgan kreditorlar yig‘ilishida, tasdiqlangan tugatish jarayoni buzilgan holda, prezidentning 4010-sonli farmoyishi bilan tasdiqlangan tartibga asosan, korxona mol-mulkini mulkiy majmua sifatida bank balansiga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Suhbatdoshimiz «Xorazmmaxsustuzatish» OAJ bilan bog‘liq bankrotlik ishida bevosita qonun buzilish holatlariga ham to‘xtalar ekan, aynan 4010-sonli farmoyishni bajarishdan bosh tortgani uchun ham 2009 yil 15 oktyabrda lavozimini tark etish bo‘yicha ariza yozganini eslab o‘tdi.

«Aynan qonun buzilish joylariga to‘xtalsak. Kreditorlar yig‘ilishi qaror qabul qiladi. Unga ko‘ra, bankning mavjud kreditorlik summasini korxonaning soliq idorasidan qarzdorligini to‘lash evaziga sun'iy ravishda oshirilgan va korxona mol-mulkini bank balansiga o‘tkazishga qaror qilingan.

Bundan tashqari, ushbu yig‘ilish qarorida «prezident I.Karimov topshiriqlariga asosan» degan jumla kiritilgan. Ya'ni qonunbuzarlar o‘zlarining noqonuniy xatti-harakatlarini prezident topshirig‘i, degan ibora bilan xaspo‘shlashga uringan», – deydi Adizov.

Xullas, soxta va noqonuniy hujjatlar asosida chiqarilgan sud ajrimi bilan «Xorazmmaxsustuzatish» OAJ bankrot deb topilgan va prezidentning 2008 yil 18 noyabrdagi 4053-sonli farmoni va 2008 yil 19 noyabrdagi 4010-sonli farmoyishiga asosan, mulkiy majmua sifatida «Agrobank» balansiga berilgan.

Keyinchalik, korxona negizida «Agrobank»ning 100 foiz ulush bilan «Agro-maxsus-tuzatish-sozlash» MChJ tashkil qilingan. 2013 yilda bu MChJ «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «Xorazm temir yo‘l qurilish» unitar korxonasiga sotilgan.

«Biz Bosh prokuraturaga yozganimizdan so‘ng, hujjatlarni ko‘rib chiqdi va jinoiy ish ochdi. Biroq JPKning 84-moddasi 1-qismi 1-bandi hamda 64- va 374-moddalariga asosan javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketgani munosabati bilan bankrotlik ishida tashqi boshqaruvchi Yangiboy Ro‘zmetov qilmishi yuzasidan jinoyat ishi harakatdan tugatildi.

Ushbu boshqaruvchi barcha hujjatlarni soxtalashtirgani prokuraturaning o‘rganishlarida qayd etilgan. 20 mlrd so‘mlik korxonamizni 4,5 mlrd so‘mlik korxona sifatida baholatgan. Barchasi prokuror qarorida mavjud», – deydi Egambergan Jabborov.

Masalaning muhim qismi shundaki, tadbirkor mazkur holatlarni prokuratura e'tirof etganini inobatga olgan holda, sud ishini yangi ochilgan holat bo‘yicha ko‘rib chiqishni so‘rayotganiga qaramay, uning shikoyati rad etib kelinmoqda.

Ya'ni, bugungi kunda mazkur bankrotlik ishi qalbaki hujjatlar asosida yakunlangani e'tirof etilgani, ishning qalbakilashtirilgani ayon bo‘lgani holda, afsuski, na prokuratura, na sud mahkamasi mas'uliyatni zimmasiga olib, bu ishda o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan qonunchilik talablari ham qo‘pol ravishda buzilganini tan olishga yo qurbi yetmayapti, yoxud istagi bo‘lmayapti. Yo bo‘lmasa, shunchaki ko‘z yumishni ma'qul ko‘rmoqda.

Alaloqibat, davlat ulushi bo‘lmagan korxona, davlat ulushi bor korxonalar uchun chiqarilgan qaror asosida bankrotlikka sun'iy ravishda olib kelingan. Natijada o‘sha vaqt qiymatida ham kattagina summa bo‘luvchi korxonaning kreditori mablag‘idan ayrilib turibdi.

Shu yerda yuqoridagi misolimizga qaytsak. Xullas, avtomobil garovga qo‘yilib, katta qarz olingani rost, u sizniki ekani ham rost. Qarz oluvchi-yu, mulkingiz kimga “o‘tib ketgani”, u mashinani yana kimga sotgani ham ma'lum.  Bular haqida avvalgi maqolada batafsil yozilgan. Lekin da'vo muddati o‘tib ketgan-da, axir, to‘g‘ri tushuning!

Siz na mashinangizni, na uning pulini ola bilasiz!

Bo‘ldi, shu yerda gapni tugatamiz. Ortiqcha gapga na hojat! Tadbirkor esa «adolat bormi» deb umidvor ko‘zlarini turli idoralarga tikish bilan ovora.

Darvoqe: Bugungi kunda ushbu korxona negizida «Asia Construction Bridge Builder» MChJ faoliyat yuritib kelmoqda. Tadbirkor Egambergan Jabborovning yagona istagi esa, unga yetkazilgan moddiy zararni undirish xolos.

Tolib Rahmatov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid