Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ayrim korrupsion va mansabdorlik jinoyatlari bo‘yicha dastlabki tergov prokuratura organlari vakolatiga o‘tkaziladi
Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Parlament saytida yozilishicha, bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari A.Xolmaxmatov qonun loyihasi bo‘yicha qilgan ma'ruzasida ayrim moddalarga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, loyihada jinoyat ishining tergovga tegishliligi institutini yanada takomillashtirish maqsadida Jinoyat-protsessual kodeksiga muhim o‘zgartishlar ko‘zda tutilmoqda.
Huquqni muhofaza etuvchi organlarning jinoyatlarni dastlabki tergovi borasidagi daxldorligi, ish yuritish vakolatlarini toifalashtirish taklif etilyapti. Bu degani, fuqarolarning hayoti, jamiyat va davlatning manfaatlariga tajovuz qilish bilan bog‘liq hamda boshqa korrupsion va mansabdorlik jinoyatlar – prokuratura organlari tomonidan, fuqarolarning sog‘lig‘i, mol-mulki, jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid soluvchi jinoyatlar – ichki ishlar organlari tomonidan, mamlakat konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi hamda boshqa manfaatlariga qarshi qaratilgan jinoyatlar davlat xavfsizlik xizmati organlari tomonidan dastlabki tergovga olinishi nazarda tutilmoqda.
Muhokamalarda Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan ayrim korrupsion va mansabdorlik jinoyatlari bo‘yicha dastlabki tergovni prokuratura organlari vakolatiga o‘tkazish taklifiga alohida e'tibor qaratildi. Sababi, qonun tashabbuskori ta'kidlanganidek, prokuratura organlarining tergov tarmoqlarida bu turdagi ishlarni tergov qilish bo‘yicha ko‘p yillik tajriba mavjud, tergovchilarda mansabdorlik jinoyatlarini fosh etish bo‘yicha samarali bilim va ko‘nikma shakllangan.
Deputatlarning fikricha, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlar qonunchilikdagi ayrim “bo‘shliq”larni to‘ldirish, amaliyotda ayrim turdagi jinoyat ishlari tergov qilinishida tergov organlari o‘rtasida kelib chiqayotgan sansalorliklarni bartaraf etishda muhim o‘rin tutadi.
Shuningdek, loyiha asosida Jinoyat-protsessual kodeksining 345-moddasi beshinchi qismiga Jinoyat kodeksining 125-1, 216-1, 216-2-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni ichki ishlar organlariga o‘tkazish bo‘yicha o‘zgartish kiritishda jinoyatlarni fosh etishda ichki ishlar organlarining tezkor-qidiruv faoliyatining salohiyati, ularning bu boradagi kuch va imkoniyatlari yuqori ekanligi inobatga olingani qayd etildi.
Savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Mavzuga oid
19:32 / 15.05.2026
“Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi
15:26 / 18.02.2026
Davlat bayrog‘ini namoyish etishda yagona talablar joriy etiladi
16:19 / 16.02.2026
Iste’molchilar shartnomalarida noqulay shartlar cheklanadi
12:27 / 16.02.2026