Jahon | 15:02 / 25.11.2020
6333
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Putinga Rossiya bilan qo‘shma kuzatuv markazi “imkon qadar tezroq” faollashishi kerakligini aytdi

Turkiya va Rossiya tinchlik bitimini kuzatadigan qo‘shma markaz tashkil etish to‘g‘risida kelishuv imzolagandi. Markaz Ozarboyjon hududida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Reuters

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashdi hamda Tog‘li Qorabog‘da tashkil etiladigan qo‘shma kuzatuv markazi “tez kunlarda” ish boshlashini kutayotganligini aytdi

Erdo‘g‘an Putinga ushbu markaz “Tog‘li Qorabog‘ mojarosini hal qilish va mintaqada barqarorlikni ta'minlash bo‘yicha qilingan qadamlar doirasida “imkon qadar tezroq” faollashishi kerakligini bildirdi, deb yozadi Onado‘lu agentligi.

Ozarboyjon va Armaniston 10 noyabr kuni Rossiya vositachiligida Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida bitim imzolagandi. Keyinroq Turkiya va Rossiya tinchlik bitimini kuzatadigan qo‘shma markaz tashkil etish to‘g‘risida o‘zaro kelishib oldi. Markaz Ozarboyjon hududida tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ikki davlat rahbarlari o‘zaro savdo hajmini oshirish, o‘zaro aloqalar hamda Suriya va Liviyadagi voqealarni ham muhokama qilgan.

Qayd etilishicha, Turkiya rahbari Suriyadagi urushni to‘xtatish uchun tezkor va aniq qadamlar zarurligini ta'kidlab, Liviyaning birligi va yaxlitligini himoya qilish uchun siyosiy va harbiy muzokaralarda Turkiya-Rossiya hamkorligi davom etishiga ishonch bildirgan.

Umidjon
Tayyorlagan Umidjon
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid