O‘zbekiston | 08:00 / 27.11.2020
4143
3 daqiqa o‘qiladi

O‘quvchilari oliy ta'lim muassasasiga kira olmagan maktablar soni 3 barobarga kamaygan – Sherzod Shermatov

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov bironta ham o‘quvchisi oliy ta'lim muassasasiga kira olmagan maktablar soni 3 barobarga kamayganini ma'lum qildi.

Uning qayd etishicha, 1,5 mln abituriyentning 23 foizi bu yilgi maktab bitiruvchilari bo‘lgan bo‘lsa, ular davlat granti kvotasining 50 foizini egalladi. 

“Qolgan 77 foiz abituriyentni tashkil etgan litsey, kollej bitiruvchilari yoki avvalgi yilgi bitiruvchilar ham OTMga harakat qilgan, repetitorga borgan, lekin ularning umumiy natijasi maktab bitiruvchilarinikidan anchagina orqada bo‘ldi”, – deb yozadi vazir.

Ta'kidlanishicha, oliy ta'lim muassasasiga bironta ham o‘quvchisi kirmagan maktablar soni 3 barobarga kamaygan, ya'ni o‘tgan yili 2126ta bo‘lgan, bu yil 692taga tushgan. Bunga ham o‘tgan yildan bunday maktab rahbarlarining lavozimiga loyiqligini jiddiy ko‘rib chiqish boshlangani katta turtki bo‘lgani aytiladi. 

“Endi buyog‘iga direktorlarimiz va maktab jamoasi faqat natijaga harakat qilishi kerak. Natija bu bitiruvchilarning hayotda muvaffaqiyatga erishishi. Ularning bir qismi o‘qishning keyingi bosqichiga o‘tsa, keyingi qismi o‘z ishini topib ketishidir. O‘qishga ham kirolmasa, ish ham topa olmasa, keyinchalik yoshlarimiz hayotda qiynalib qolishadi. Shu sababli maktab davridagi vaqtini aynan shu natijaga yo‘naltirishi, shu jumladan, ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirishi kerak.

Bir oy davomida Xorazm, Navoiy, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida bo‘lib yaxshi ko‘rsatkichga ega va umuman natija ko‘rsatmagan maktablarni solishtirganda, asosiy farq aynan direktor va maktab jamoasining o‘z kasbiga bo‘lgan fidoyiligi tufayli bo‘layotganiga amin bo‘ldik. 

Solishtirganda ko‘rinadiki, aksariyat yomon ko‘rsatkichga ega maktablarning moddiy texnik holati yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan maktabnikidan ancha yaxshi bo‘lib chiqyapti. Eskichasiga faqat maktabning tashqi ko‘rinishiga qarab direktorga baho berilganida, aksincha bular yaxshi bo‘lib chiqardi va yaxshi natija ko‘rsatgan direktorga esa maktabining ko‘rinishi yaxshi bo‘lmaganiga chora ko‘rilishi mumkin edi...

Shuning uchun o‘z ishiga fidoyi bo‘lgan pedagoglarimizga ushbu o‘zgarishlarga sabab bo‘lganlari uchun minnatdorlik bildiramiz va kelgusi faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilaymiz. Aksincha, bu sohaga adashib kelib, avvalgidek paxta va boshqa ortiqcha ishlar bilan o‘ralashib yurishga o‘rganib qolganlarga boshqa ish topishlarini tavsiya qilamiz”, – deydi Sherzod Shermatov.

Mavzuga oid