27 noyabr kuni Eronda shov-shuvli qotillik sodir bo‘ldi. Eronning maxfiy yadro dasturi boshqaruvchisi ekani aytiladigan Muhsin Faxrizoda terakt qurboni bo‘ldi. Uning o‘ldirilishini Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining «Al Quds» maxsus bo‘linmasi komandiri Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishiga o‘xshatishmoqda. Eronda Faxrizodaning o‘limi sabab naq 40 kunlik motam e'lon qilindi.
Bu ishni kim qildi?
Eron yadro dasturining rahbari ekani aytilayotgan fizik olim Muhsin Faxrizodaning o‘limini ko‘pchilik Isroil bilan bog‘lamoqda. Axir Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu ikki yil oldin tashkil etilgan maxsus anjumanda Eronning maxfiy «Aman» yadro dasturi haqida gapirib, Faxrizodani uning rahbari sifatida ta'kidlagandi. «Bu nomni eslab qoling – Faxrizoda», degandi o‘shanda Netanyahu olimning suratini ko‘rsatib.
Shu sababli eronlik juda muhim olimning o‘ldirilishini Isroil bilan bog‘lashmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp eronlik Muhsin Faxrizoda o‘ldirilgani va u uzoq yillar MOSSADning kuzatuvida bo‘lgani haqida yozilgan tvitni retvit qildi (o‘quvchilariga ulashdi). Bu esa AQSh prezidenti go‘yoki sodir bo‘lgan voqealardan xabari borligiga ishora sifatida ham qabul qilindi. Trampning bu harakati beixtiyor shaxsan uning topshirig‘iga ko‘ra o‘ldirilgan Qosim Sulaymoniyga uyushtirilgan suiqasdni eslashga majbur qilgan.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy shanba kuni tongda chiqish qilib Faxrizodaning o‘limi ortida Isroil turganini ma'lum qildi: «Shahid Faxrizodaning o‘limi dushmanlarimizning bizga bo‘lgan nafrati qay darajada ekanini ko‘rsatadi. Uning o‘limi bizning ishlarni to‘xtatmaydi», dedi Ruhoniy. Eron oliy yetakchisi oyatulloh Ali Xominaiy qotillik ortida turganlarni jazolashni talab qildi.
Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif bu voqeani davlatga qarshi uyushtirilgan terror deb atadi. Ali Xominaiyning maslahatchisi esa bu ishda to‘g‘ridan to‘g‘ri Isroilni aybladi.
Reuters agentligi bu borada Isroil bosh vaziri vakillaridan munosabat olishga uringan, lekin javob olishmagan. Isroil bu qotillikda bejiz ayblanmayapti. Chunki 2010-2012 yillarda 4 nafar eronlik yadro mutaxassislari o‘ldirilgan va o‘shanda ham Tehron Isroilni ayblagandi.
Jerusalem Post nashri xabar berishicha, Isroil Eron hukumatining qasos haqidagi va'dalari ortidan butun dunyodagi elchixonalari va vakolatxonalarini qo‘riqlashni kuchaytirgan.



















