21:02 / 30.11.2020
6617

Toshkent viloyatida bir kunda 228 nafar piyoda jarimaga tortildi

Yo‘lning qatnov qismini noto‘g‘ri joydan kesib o‘tgan piyodalar 74 ming so‘mdan jarimaga tortildi.

Foto: IIB YHXB Axborot xizmati

Toshkent viloyatida tez-tez «Diqqat, piyoda!» profilaktik tadbiri o‘tkazib borilmoqda. Kuni kecha ham ana shu tadbir viloyat miqyosida o‘tkazildi, deb xabar bermoqda viloyat IIB YHXB Axborot xizmati.

Tadbir o‘tkazilgan bir kunda jami 228 nafar piyodaga nisbatan MJtKning 138-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy choralar ko‘rilgan.

Bu moddaning 1-qismi bilan piyodalarga quyidagilar taqiqlangan:

  • yo‘l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo‘ysunmaslik;
  • yo‘lni belgilanmagan joylardan kesib o‘tish;
  • yo‘lning qatnov qismida va piyodalar o‘tish joyida telefondan foydalanish, kitoblarni yoki davriy nashrlarni o‘qish, video tomosha qilish va audiomateriallarni eshitish, shuningdek e'tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanish.

Yuqoridagi huquqbuzarliklar uchun sanksiya – BHMning uchdan bir qismi (74 333 so‘m) miqdoridagi jarima.

«Bekobod tumanida yashovchi fuqaro, 1971 yilda tug‘ilgan U.X. Bo‘ka tumanida yo‘lni belgilanmagan joyidan, serqatnov transport vositalari orasidan kesib o‘tayotgan vaqtda YPX inspektori tomonidan to‘xtatildi va unga qilgan xatosi tushuntirilib, ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Qarangki, bu piyoda avval ham xuddi shunday qoidabuzarligi uchun jarimaga tortilgan ekan.

Quyichirchiq tumanida xizmat olib borayotgan YPX inspektori K.Shaxyusupov ham yo‘lni belgilanmagan joyidan, transport vositalari harakatiga xalal bergan holda kesib o‘tayotgan piyoda, 1991 yilda tug‘ilgan M.G‘.ni to‘xtatib, unga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirdi.

Bu kabi misollarni yana talayginasini keltirib o‘tishimiz mumkin. Ammo gap faqat misollarda emas, balki qoidalarga amal qilishda. Chunki yo‘l hamisha tasodiflarga to‘la bo‘lgan. Yo‘llarimizda xavf-xatar hamisha mavjud. Undan asranish esa avvalo har kimning o‘z qo‘lida ekanligini unutmang.

Yo‘llarda doimo hushyor va sergak bo‘ling. Unutmang, siz ko‘rib turgan narsalarni haydovchi ko‘rmasligi mumkin. Haydovchilar, yo‘lda xavf to‘satdan paydo bo‘lishini doimo yodda saqlang. Yo‘l harakati qoidalariga amal qiling», – deyiladi Toshkent viloyati IIBB YHXB Axborot xizmati xabarida.

Top