O‘zbekiston | 19:19 / 02.12.2020
7094
3 daqiqa o‘qiladi

Aliment pullarini hisoblash va to‘lash ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi yo‘lga qo‘yiladi

2021 yil 1 martdan boshlab aliment pullarini hisoblash va to‘lash ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Yangi tizim joriy etilishi natijasida aliment to‘lovi undiruvchilarga o‘z vaqtida, tezkor ravishda yetkazilishi ta'minlanadi.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bo‘lim boshlig‘i Nasimxon Burxonov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida yaratilayotgan yangi tizim haqida gapirdi. U mazkur tizimni ishga tushirish orqali MIB xodimlari va fuqarolarning aliment to‘lovlarini to‘lash va undirishdagi ortiqcha ovoragarchiliklariga barham berish mumkinligini aytib o‘tdi.

Majburiy ijro byurosi bo‘lim boshlig‘i Nasimxon Burxonov

«Qilinayotgan murojaatlarning 68 foizi aliment bilan bog‘liq. Afsuski, ayni paytda ijrochilar imkoniyati o‘z tashabbusi bilan barcha alimentlarni undirib berishga yetarli emas. Chunki tizimda 2500 nafar ijrochi bo‘lsa, aliment to‘lovchilar soni 250 ming nafarni tashkil etadi. Shu sabab aliment oluvchi qachon ariza bilan idoraga borsa, keyin unga pul undirishda yordam ko‘rsatiladi. Hozirda bir necha yillik katta miqdordagi to‘lov qoldiqlari turibdi.

Tabiiyki, aliment qoldiqlari va qancha miqdori to‘lanayotganini har oy tekshirib turish ham imkonsiz. Qolaversa, pul undirish jarayonida bir qator qiyinchiliklar yuzaga keladi.

Avtomatlashgan tizim esa inson omilini, ijrochi ishini 70 foizga kamaytiradi. Aliment bilan bog‘liq barcha hisob-kitoblarni sun'iy intellektning o‘zi bajaradi.   

Har bir aliment to‘lovchi o‘z majburiyatlarini qay darajada bajarayotgani, daromadi, qarzi qanchaligini dastur ijrochiga ma'lum qilib turadi. Bazada barcha tashkilotlar bilan integratsiya yo‘lga qo‘yiladi», dedi bo‘lim boshlig‘i.

Shuningdek, MIB xodimi yangi tizim doirasida maxsus ilova yaratish hamda fuqarolarga yana bir necha yengilliklar berilishi to‘g‘risida gapirdi.

«Biz har bir aliment oluvchiga hisob raqam ochib, qo‘liga bepul plastik kartochka beramiz. Ortiqcha ovoragarchilikka barham beriladi. Tizimning o‘zi to‘lov jarayonini nazorat qilib boradi. Agar ikki oy to‘lanmasa, ma'muriy javobgarlik chorasi ko‘rilishi kerakligini ko‘rsatadi. Bu ijrochini ishlashga majburlaydigan dastur bo‘ladi.

Ayni paytda maxsus mobil ilova yaratish ustida ham ish olib borilmoqda. Aliment to‘lovlari va qarzlarning barchasi ilovada aks etib turadi. Hozirda aliment tarixini bazaga inventarizatsiya qilyapmiz», dedi u.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid