Sizni ko‘pchilik, keng jamoatchilik Bosh prokuratura matbuot xizmatiga rahbarlik qilganingizdan beri taniydi. Nima uchun Bosh prokuratura matbuot xizmatidan ketdingiz?

— Bu savolingizga javob berishda, shuni ta'kidlamoqchimanki, siz aytganingizdek, men, avvalo, olim insonman. Har qalay ta'limda va ilmda 15 yildan ortiq faoliyat yuritganman. Albatta, hodisa, voqealar, hayotdagi yo‘lingizda turli pozitsiyalarda ishlash, faoliyat yuritishga to‘g‘ri keladi. Shu nuqtayi nazardan prokuratura organlarida, xususan, matbuot xizmatida ishlash, tajribaga ega bo‘lish imkoniyati menda mavjud bo‘lgan. Lekin aytganingizdek, men uchun ilm va ta'lim sohasi ko‘proq yaqinroq va shu sohaga nega ketdingiz deb emas, men bu savolga ko‘proq o‘z sohamga qaytdim deb javob berishim mumkin. Chunki ta'lim va ilm sohasi, xususan, jinoyat ishlarini yurituvi borasidagi sohada ilmiy tadqiqot ishini olib borgan har bir olim mening nazarimda, mazkur ilmiy unvonni, ilmiy darajani faqatgina o‘zining shaxsiy ambitsiyalarini qondirish uchun emas, ilm sohasini rivojlantirish va olgan bilimini keyinchalik tarqatish uchun ham xizmat qilishi kerak. Bu sizga yuklatilgan muhim mas'uliyat.

Hozirda nimalar bilan bandsiz?

— Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida kafedra mudiri sifatida faoliyat yuritmoqdaman. Aynan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarni, sudyalik kadrlarini tayyorlash, jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalarning malakasini oshirish masalalari, shu sohada ta'lim bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish bilan bandman.

Hozir mening qarshimdagi suhbatdoshim juda ham yaxshi bir tajribaga ega. U odam, birinchidan, ilm sohasi vakili. Bir muddat Bosh prokuraturada ishladi. Hozir esa bevosita sudyalarga yaqinroq sohada ishlayapti. Shundan kelib chiqib, bir savol bermoqchiman. Bugungi kunda jamiyatda sudyalarning tutgan o‘rni qanday? Jamiyatning sudga bo‘lgan munosabati qanday? Siz buni qanday ko‘ryapsiz: kuzatuvlaringizdan xulosalar bormi?

— Mening nazarimda, bu savolingiz keng qamrovli. O‘ziga xos murakkab jihatlari bor. Chunki aynan prokuratura sohasida amaliyotda men uchun ham katta maktab, tajriba bo‘ldi. Chunki olim ilm bilan band inson, birdaniga amaliyot  sohasiga, keng qamrovli amaliyotni kuzatishga imkoniyati bo‘lishi katta yutuq. Bu tajribadan men albatta faxrlanaman. Hayot yo‘limdagi katta yutuq. Shu bilan birgalikda nazariya bilan amaliyotni o‘rtasida uzilish borligini bevosita faoliyatimda kuzatishga imkon bo‘ldi. Nima uchun?