Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponlar uzoq muddatli xavfsizlikni muhim hisoblashadi – mutaxassis Yaponiya vaksina yaratishda ortda qolayotgani haqida
Dunyoning rivojlangan davlatlari koronavirusga qarshi vaksina ustida ishlashni boshlaganiga ancha bo‘ldi. Bu borada AQShning Moderna, Pfizer kompaniyalari, Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti va AstraZeneca kompaniyasining qo‘shma loyihasi, Germaniyaning BioNTech kompaniyalari yaratayotgan vaksinalari haqida jamoatchilikni muntazam boxabar qilib turishibdi. Tibbiyot va farmatsevtikada ilg‘or bo‘lgan yaponlar esa bu borada jim. Buning sabablari nimada?
Kun.uz muxbiri bu savolga javob olish uchun Yaponiyaning KM Biologics kompaniyasi korporativ boshqaruv departamenti xodimi Akmal Rajabovga murojaat qildi.
«Avvalo shuni aytish lozimki, qimmatli qog‘ozlar tizimiga asoslangan iqtisodiyot bor ekan, farmkompaniyalarning o‘z ishlanmalarini ommaga e'lon qilib borishi va shov-shuv ko‘tarishga urinishini tabiiy qabul qilish kerak. Ixtiyoriy kompaniya katta rezonans beradigan bunday ish qilganda, qimmatli qog‘ozlar bozori darrov reaksiya qiladi, ya'ni aksiyalar narxi ko‘tariladi.
Yaponlar koronavirusga qarshi vaksina yaratishda chindanam ortda qolyapti. Dori-darmonga qo‘yilgan yuqori talab tufayli, boshqa yurisdiksiyalar bilan solishtirilganda, Yaponiyada muayyan preparatni qo‘llashga ruxsat olish va uni ro‘yxatdan o‘tkazishga ancha vaqt ketadi. Hattoki, ishlanma rivoji borasida ortda bo‘lmasa-da. Boshqa yurisdiksiyalar koronavirusni favqulodda holat sanab, unga qarshi vaksinani ham favqulodda tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishga izn berdi.
Yaponlar bunday yo‘l tutmadi. Bunga yaxshi ma'nodagi byurokratiya sabab: bir kishi o‘zi istagancha o‘zgartirishi juda qiyin bo‘lgan, bir-birini jilovlovchi elementlardan tarkib topgan tizim yaratilgan.
Sabablardan yana biri esa texnik tarafdan: yapon kompaniyalari vaksina samaradorligini (vaccine efficacy) pasaytirmagan holda, uzoq muddatli xavfsizlikni (long term safety) juda muhim deb hisoblaganlari uchun boshqa vaksinalarda obdon sinovdan o‘tgan texnologiya asosida ishlashyapti. Bunga esa ko‘p vaqt ketadi – kamida 3 yil», degan u.
- Bundan avvalroq Buyuk Britaniya Tibbiyot va sog‘liqni saqlash mahsulotlari regulyatori Pfizer/BioNTech vaksinasidan favqulodda holatda foydalanish uchun ruxsat bergani, yuqori risk guruhidagilar keyingi haftadan boshlab koronavirusga qarshi emlanishi xabar qilingandi.
- Pfizer/BioNTech’ning BNT162b2 vaksinasi uchinchi bosqich sinovlaridan keyin 95 foiz samaradorlik ko‘rsatgan. (Taqqoslash uchun: Rossiyadagi «Sputnika V» vaksinasi samaradorligi 92 foizga, Amerikaning Moderna kompaniyasi vaksinasi samaradorligi 94,1 foizga, AstraZeneca kompaniyasi vaksinasi samaradorligi 70 foizga baholangan.)
Mavzuga oid
18:57 / 15.06.2026
Yaponiya O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish uchun 230 mln dollar kredit ajratadi
08:43 / 11.06.2026
Jahon neft savdosi markazi Osiyoga ko‘chmoqda
18:32 / 08.06.2026
Sun’iy intellekt yaratgan vaksina odamlarda muvaffaqiyatli sinab ko‘rildi
20:36 / 06.06.2026