Jahon | 20:00 / 03.12.2020
44253
16 daqiqa o‘qiladi

Sirli fransuz jahongiri. 216 yil avval Napoleon Fransiya imperatori bo‘lgan edi

Bundan 216 yil avval, 2 dekabr kuni Napoleon Fransiyani imperiya, o‘zini imperator deb e'lon qilgan edi. Quyida ism-sharifidagi bitta harfdan kechib italyandan fransuzga aylangan Napoleonning ayanchli tugagan hayoti haqida so‘z yuritiladi.

Tarixda juda ko‘p sarkardalar o‘tgan. Lekin ularning aksariyatining nomi uncha ko‘p eslanmaydi. Bugun istalgan odamga tarixda o‘tgan mashhur sarkardalarni sanab bering deyilsa, u katta ehtimol bilan Aleksandr Makedonskiy, Chingizxon, Amir Temur, Napoleon deb javob beradi. Makedonskiy, Chingizxon va Amir Temur davridan keyin hozirgi davrga nisbatan uzoq vaqt o‘tgan. Napoleon yashab o‘tgan davrga endigina 200 yildan sal oshdi. Yuqorida nomlari sanalgan sarkardalar orasida Napoleon eng kam tanqid qilinadi. Balki, bunga u o‘z yurishlarini «fransuzcha nazokat» bilan olib borgani ham sabab bo‘lishi mumkin. Aksariyat sarkardalar hayotidan farqli ravishda Napoleon hayotining so‘nggi qismi ayanchli bo‘ladi. U taxtda o‘tirgan holida yoki jang maydonida emas, balki vatanidan uzoqda mahbuslikda vafot etadi.

Napoleon – korsikalik italyan

Napoleon Bonapart 1769 yil 15 avgustda O‘rta Yer dengizidagi Fransiyaga tegishli Korsika orolidagi Ayachcho shahrida kichik zodagon oilasida tug‘iladi. O‘sha paytgacha Korsikani Genuya respublikasi nazorat qilar, Napoleon tug‘ilishidan bir yil oldin respublika bu orolini Fransiya qiroli Lyudovik XV’ga 40 million livrga sotgan edi.

Napoleonning ajdodlari bu orolga XVI asrda Italiyadan ko‘chib kelishgan. Napoleonning ona tili italyan tilining Korsika lahjasi edi. U fransuz tilini maktabda o‘rganadi. Ammo umrining oxirigacha fransuzcha gapirganida italyan tili ohangi sezilib turadi.

1779 yilda Napoleon Briyen-le-Shatodagi kadetlar maktabiga o‘qishga kiradi va artilleriyani qiziqib o‘rganadi. 1784 yilda maktabni bitirib, Parij harbiy maktabida o‘qiy boshlaydi. Bu yerda olingan harbiy bilim va ko‘nikmalar Napoleonning keyingi hayoti davomida asqotadi. O‘sha yili o‘qishni muddatidan avval tugatib, de La Ferning artilleriya polkida uch oylik sinovdan muvaffaqiyatli o‘tganidan so‘ng, kichik leytenant unvoni bilan xizmatga qabul qilinadi. Shu tariqa, Napoleonning harbiy hayoti boshlanadi.

Napoleon tug‘ma sarkarda edi. Turli harbiy harakatlarda qatnashgan Napoleonning tajribasi va unga uyg‘un holda unvoni ham oshib boradi. 1795 yilga kelib Parij harbiy maktabini bitirganiga o‘n yil bo‘lganida u Fransiya armiyasi generaliga aylanadi. Oradan bir yil o‘tib Napoleon graf Bogarnening bevasi Jozefinaga uylanadi. To‘yona sifatida uni Italiya shimoliga jo‘natiladigan armiyaga qo‘mondon etib tayinlashadi. To‘ydan keyin u italyan frontiga jo‘nab ketadi.

O‘sha paytdan boshlab Napoleon xotini Jozefinaga yozgan xatlarida o‘zining italyancha «Buonaparte» (Buonaparte) familiyasini «Bonapart» (Bonaparte) tarzida yoza boshlaydi. Shu tariqa, Korsikadan chiqqan italyan, familiyasidagi bitta harfdan kechib «fransuz»ga aylanadi.

U Fransiya armiyasiga qo‘mondonlik qilgan davrda Italiya shimoli, Avstriya va Misr yurishlariga boshchilik qiladi. Misr yurishlari Napoleon hayotida katta iz qoldiradi. Napoleonning Misrga yurishining ham o‘z tarixi bor. Italiya shimoli va Avstriyadagi g‘alabalardan so‘ng, Napoleonni Parijga chaqirib Buyuk Britaniya orollarini egallash uchun jo‘natiladigan qo‘shinga qo‘mondon qilib tayinlashadi. U esa hukumatni Buyuk Britaniyani yengish uchun avval uning muhim mustamlakasi bo‘lgan Misrni egallash lozimligiga ishontiradi. Shundan keyin Napoleon boshchiligidagi qo‘shin Misrga otlanadi.

1798 yil 19 mayda 35 ming harbiydan iborat qo‘shin Tulon shahridan kemalarga o‘tirib Misr tomon yo‘lga chiqadi. Iyulda Misr zabt etiladi. O‘sha yil kuzgacha Napoleon Yaqin Sharqda bir necha jang o‘tkazadi va g‘alaba qozonadi hamda Parijga Sharqni istilo qilgan sarkarda sifatida qaytadi.

Napoleon Misrdan qaytgan paytda Fransiya hukumatida inqiroz yuzaga keladi. Natijada, Konstitutsiya yangilanadi va Napoleon Fransiyaning o‘n yillik konsuli lavozimiga tasdiqlanadi. Napoleon Fransiya rahbari bo‘lganida bu davlat Buyuk Britaniya va Avstriya bilan urush holatida edi. Fransiya hukumatida inqiroz bo‘lib turgan paytda Avstriya Rossiya yordamida shimoliy Italiyani qaytarib oladi. Napoleon Italiyaga qo‘shin jo‘natadi va uning shimoliy qismini qayta egallaydi. Ammo jang-jadallar hammaning joniga tekkan edi. Shuning uchun 1801-1802 yillarda avval Avstriya bilan so‘ng Germaniya bilan ketma-ket ikkita sulh tuziladi.

Napoleon konsul bo‘lganidan so‘ng Fransiyada monarxiya boshqaruvini mustahkamlab boradi. Dvoryanlarning huquqlari kengaytiriladi.

1802 yilda Napoleon Senatga o‘zini umrbod konsul etib tasdiqlatib oladi. Oradan ikki yil o‘tib 1804 yilda Senat yangi Konstitutsiyani tasdiqlaydi. Unga ko‘ra Fransiya imperiya, Napoleon esa imperator deb e'lon qilinadi. 1804 yil 2 dekabr kuni Napoleonga imperator sifatida toj kiydirish marosimi bo‘lib o‘tadi.

1805 yilda Rossiya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Neapol qirolligi va Shvetsiya Fransiyaga qarshi harbiy koalitsiya tuzishadi. O‘sha yil 2 dekabrda fransuz qo‘shinlari Austerlits yonidagi jangda Rossiya va Avstriyaning birlashgan qo‘shinlarini mag‘lubiyatga uchratadi. Shundan so‘ng birin-ketin avvaliga Neapol qirolligi, so‘ng Niderlandiya qirolligi, Germaniyadagi tarqoq knyazliklar Napoleon hukmronligi ostiga o‘tadi. Oradan biroz o‘tib Napoleon Sharqiy Prussiya va Polshani ham qo‘lga kiritadi.

Yevropaning materik qismida katta hududlarni bosib olganiga qaramay, Napoleon dengiz janglarida Buyuk Britaniyaga yutqazayotgan edi. U o‘z ittifoqchilari bilan Buyuk Britaniyani dengizdan qamal qiladi. Niderlandiya, Daniya, Germaniya ingliz kemalari uchun o‘z portlarini yopadi. Natijada Britaniya iqtisodiyoti juda katta zarar ko‘ra boshlaydi. Ayniqsa, Tilzit tinchlik sulhidan keyin bu qamalga Rossiyaning ham qo‘shilishi inglizlar uchun juda og‘ir vaziyatni yuzaga keltiradi.

1807 yilda Ispaniyaning qo‘llashi bilan Fransiya Portugaliyadan Britaniyani iqtisodiy qamal qilayotganlar tomoniga o‘tishni so‘raydi. Portugaliya rad etadi. Shundan so‘ng Napoleon bu mamlakatni ham bosib oladi. Oradan biroz o‘tib Napoleon Ispaniyani ham bo‘ysundiradi. 1809 yilda Avstriya zabt etiladi.

Napoleon Fransiya hukmdori bo‘lgan yillarida o‘tkazgan islohotlari, dvoryanlarga mulklarini va imtiyozlarini qaytarib berishi oldiniga ko‘pchilikka ma'qul keladi. Shuningdek, turli urushlarda qozonilgan g‘alabalar ortidan kelgan o‘ljalar ham aholini xursand qiladi. Ammo Rossiyaga qilingan yurishning muvaffaqiyatsiz chiqishi hammasini o‘zgartirib yuboradi.

Rossiyaga yurish va imperiyaning qulashi

1810 yilda Napoleon Jozefina bilan ajrashganidan so‘ng, Rossiya imperatori Aleksandr I’dan uning singlisi Anna Pavlovnani qo‘lini so‘raydi. Aleksandr I rad etadi. Oqibatda, o‘rtada sulh borligiga qaramay Fransiya va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar yomonlashadi. Napoleon Rossiyani ham bosib olishga qaror qiladi. 1812 yil iyunda fransuzlar bilan birga Yevropaning turli mamlakatlaridan yig‘ilgan 450 ming nafar harbiy Rossiya chegarasini kesib o‘tadi. Ularga qarshi janglarda Rossiyaning 193 ming askari qatnashadi. Rossiyaga bostirib kirar ekan, Napoleon avval Moskvani zabt etishni xohlaydi. Uning qo‘shinlari poytaxt Sankt-Peterburgga emas, Moskvaga qarab harakatlanadi. Uzoq masofa, yozning sernam issig‘i, turli kasalliklar Napoleon armiyasini holdan toydiradi.

O‘sha yil 7 sentyabrda Moskva yaqinidagi Borodino qishlog‘i yonida Napoleon qo‘shinlari bilan Rossiya armiyasi o‘rtasida asosiy jang bo‘lib o‘tadi va unda ruslarning qo‘li baland keladi. Ammo fransuzlarga yetib kelgan qo‘shimcha yordam ruslarning chekinishiga sabab bo‘ladi. 14 sentyabrda Napoleon o‘z armiyasi bilan Moskvaga kiradi. Fransuzlar Moskvani avval rosa talashadi, so‘ng unga o‘t qo‘yishadi. Butun shahar olov ichida qoladi.

Rossiya imperatoridan sulh taklifini kutgan Napoleon Moskvada oktyabrning o‘rtalarigacha qolib ketadi. Sulh taklifi bo‘lmaganidan so‘ng u 19 oktyabrda janubiy-g‘arbiy yo‘nalish bo‘ylab ortga qaytadi. Noyabrning o‘rtalarida Napoleon o‘z qo‘shini bilan Smolenskka yetib keladi. Bu yerdan armiya uchun oziq-ovqat topa olmagan imperator to‘xtamasdan yurishda davom etadi. Rossiyaning sovuq ob-havosi, ta'minotning yo‘qligi fransuzlarni batamom holdan toydiradi. Askarlarning ko‘pi sovuqdan va ochlikdan halok bo‘ladi. Napoleon Fransiyaga qaytganida uning Rossiyaga borgan 450 ming askaridan 25 ming kishi qolgani ma'lum bo‘ladi.

Napoleonning Rossiyada yengilishi Yevropada uning obro‘sini tushirib yuboradi va u haqda «yengilmas sarkarda» deb tarqalgan gap-so‘zlar oddiy mish-mish ekani oydinlashadi. Shundan so‘ng Napoleon bosib olgan aksariyat davlatlarda ozodlik harakatlari boshlanadi. Buning ustiga Rossiya armiyasi ham fransuzlarni ta'qib qilib boraveradi.

1814 yil 23 yanvarda Napoleon imperator sifatida o‘zining so‘nggi qabulini o‘tkazib jangga otlanadi. 3 aprelda Senat Napoleonni taxtdan chetlatib uning o‘rniga Taleyranni vaqtincha mamlakat rahbari deb e'lon qiladi. 6 aprel kuni Fontenblo saroyida Napoleon taxtdan voz kechadi.

20 aprelda Napoleon O‘rta Yer dengizidagi Elba oroliga jo‘nab ketadi. Fontenblo kelishuviga ko‘ra Fransiyaning yangi hukumati mazkur orolni Napoleonga mulk sifatida beradi va unga g‘aznadan har yili 2 million frank maosh to‘lash belgilanadi. Elba orolida Napoleon onasi va singlisi bilan yashaydi. Xotini Mariya-Luiza o‘g‘li bilan otasi – Avstriya imperatori Frans I oldida, Venada qoladi. Bu paytga kelib Jozefina vafot etgan edi.

So‘nggi urinish

1815 yil 26 fevralda Napoleon Elba orolidan yashirincha chiqib o‘zining 1 000 nafar sodiq askari bilan Kann yaqinidagi Juan ko‘rfaziga tushadi va Parij tomon harakatlanadi. Napoleonning qaytayotganini eshitgan tarafdorlari yig‘ila boshlaydi. Shu tariqa, uning qo‘l ostida 125 ming askar to‘planadi.

Napoleonning katta qo‘shin bilan Parijga qaytganini eshitgan ittifoqchilar unga qarshi 600 ming kishilik armiyani jo‘natadi. Kichik to‘qnashuvlarda uning qo‘li ustun kelgan bo‘lsa ham, 18 iyunda Vaterloo qishlog‘i yonida bo‘lib o‘tgan asosiy jangda Napoleon armiyasi ittifoqchilar armiyasidan yengiladi. Napoleon ikkinchi marta hokimiyatdan voz kechadi. Buyuk Britaniya Napoleonga siyosiy boshpana taklif etadi. Inglizlar bilan kelishuvga ko‘ra u Eks oroli yaqinida ingliz kemasiga chiqishi lozim edi. Napoleon kemaga chiqadi, ammo Britaniya vazirlar kengashi Napoleonni asirga olib, uni Atlantika okeanidagi Avliyo Yelena oroliga surgun qilish haqida qaror qiladi. Bu haqda bilgan Napoleon «Bu Temurlangning qafasida yurishdan ham yomon» deydi. Napoleonga hamroh sifatida bir necha zobitlarni olishga imkon berishadi. Unga jami 26 kishi hamrohlik qiladi.

Orolda Napoleonni qattiq qo‘riqlashadi. Orol komendanti o‘zaro kelishmovchilik tufayli Napoleonga orol bo‘ylab sayr qilishga ruxsat bermay qo‘yadi. Natijada u kamharakat bo‘lib qoladi va sog‘ligida muammolar yuzaga kela boshlaydi. 1818 yilda Napoleonning sog‘ligi yomonlashadi. Orolga uning onasi tomonidan yuborilgan vrach keladi. U Napoleonga hech qanday yordam bera olmaydi. 1821 yil 5 may kuni uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng Napoleon vafot etadi. Uni orolda dafn etishadi. 1840 yilda Napoleon jasadining qoldiqlarini olib borib Parijdagi Urush nogironlari uyida dafn etishadi. O‘shanda imperatorni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun shahar ko‘chalariga millionlab odam chiqadi.

Napoleon va ayollar

Napoleonning hayotida ayollar ko‘p bo‘lgan. Ulardan eng asosiylari Napoleonning birinchi xotini Jozefina, ikkinchi xotini Mariya-Luiza Avstriyskaya, polshalik Mariya Valevskaya va ilk xushtori Dezire Klari bo‘lgan.

Ular orasida Jozefina Napoleon hayotida muhim o‘rin tutgan. Napoleon Jozefinani juda qattiq sevgan. Ayol esa Napoleonga befarq bo‘lgan va har doim unga xiyonat qilgan. Oxir-oqibat Napoleon u bilan ajrashgan.

Napoleon Deziri Klari bilan Jozefinaga uylanmasdan avval tanish bo‘lgan. Unga uylanmoqchi bo‘lib yurgan chog‘ida Jozefina bilan tanishadi va  Klari qolib unga uylanadi.

Jozefina bilan ajrashgandan so‘ng 1810 yilda Napoleon Avstriya malikasi Mariya-Luiza Avstriyskayaga uylangan. 1811 yilda u Napoleondan o‘g‘il ko‘radi. Napoleon Rossiyada mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng Mariya-Luiza Avstriyskaya o‘g‘li bilan Venada qoladi. Keyinchalik Napoleonning vafotidan so‘ng u boshqa odamga turmushga chiqadi.

Mariya Vlevskaya – polshalik zodagonning qizi, Napoleonning sevimli xushtori bo‘lgan. Napoleon Polshani zabt etganda Mariya Vlevskaya bilan tanishadi. Mariya Napoleon bilan tanishgunga qadar turmushga chiqqan va bir nafar farzandi bor edi. Ular orasidagi «sevgi qissasi» ortidan Mariya homilador bo‘ladi va o‘g‘il farzand ko‘radi. Unga Aleksandr Jozef Florian deb ism qo‘yishadi. Garchi, ular o‘rtasidagi aloqalar nikoh orqali bog‘lanmagan bo‘lsa ham, Mariya Napoleon bilan u Avliyo Yelena oroliga surgun qilingunicha uchrashib turadi. Mariya Vlevskaya 1817 yilda vafot etgan.

Napoleon haqida qiziqarli ma'lumotlar

Napoleon yozuvchi bo‘lmaydi. Ammo u roman yozgan.

Mahoratli sarkarda bo‘lishdan tashqari u mohir matematik va shaxmat ustasi bo‘lgan.

U Fransiya fanlar akademiyasining akademigi edi.

16 yoshidan harbiy xizmatni boshlagan Napoleon 24 yoshida general, 35 yoshida Fransiya imperatori bo‘ladi.

Napoleon daqiqasiga 2000ta so‘z o‘qiy olgan.

Raqiblari Napoleonni kamsitib «korsikalik pakana» deb atashgan. Uning bo‘yi 169 santimetr bo‘lgan.

Napoleon ajdodlari italiyaliklarga borib taqaladi.

Napoleon adabiyot va san'atda

Napoleon haqida yuz minglab tarixiy tadqiqot ishlari bor. Shuningdek, u haqda nasr va nazmda hamda dramaturgiyada ko‘plab badiiy asarlar yozilgan. O‘zbek adabiyotida ham Napoleon haqida she'rlarda, nasriy asarlarda eslangan.

Vaterlooda xato qildi Napoleon -

Jahongirning shu kun qaytdi omadi.

Mana o‘tsa hamki necha bir zamon,

U haqda gapirmagan odam qolmadi.

Yuqoridagi satrlar atoqli o‘zbek shoiri Abdulla Oripovga tegishli.

Shuningdek, Napoleon haqida ko‘plab kinofilmlar, seriallar, hujjatli filmlar suratga olingan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid