O‘zbekiston | 23:45 / 03.12.2020
14638
3 daqiqa o‘qiladi

Soliqchilar tadbirkordan 6 mlrd so‘mni noqonuniy undirmoqchi bo‘ldi. Ular sudda yutqazgach, apellyatsiya berdi va yana yutqazdi

«Zarafshan Golden Group» MChJga bir necha milliard so‘mlik soliq va jarima qo‘llash bo‘yicha Navoiy shahar soliq inspeksiyasi chiqargan qarorlarni sudlar g‘ayriqonuniy deb topdi.

Kun.uz shu yil avgust oyida, Navoiy shahar davlat soliq inspeksiyasi «Zarafshan Golden Group» MChJdan 6 mlrd so‘m pulni noqonuniy undirishga uringani haqida xabar bergan edi.

Soliq inspeksiyasi tomonidan noto‘g‘ri tekshiruv o‘tkazilishi va hisob raqami yopib qo‘yilishi oqibatida MChJ faoliyatida uzilish yuzaga kelgan, ishchilar oylik maoshini berish kechikkan.

Bundan norozi bo‘lgan tadbirkor soliq inspeksiyasini sudga berdi. Ishni ko‘rib chiqqan Navoiy shahar ma'muriy sudi ishni tadbirkor foydasiga hal qildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Sud hujjatlariga ko‘ra, «Zarafshon Golden Group» MChJ tomonidan 2019 yil yanvar–dekabr oylari uchun taqdim etilgan qo‘shimcha soliq hisobotlarida Navoiy shahar DSI tomonidan tavofutlar aniqlanib, qo‘shimcha soliq hisoblangan holatda MChJ tomonidan soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish lozimligi so‘ralgan.

Mazkur holatda jamiyat tomonidan 2020 yil 12 may kuni soliq hisobotlariga o‘zgartirishlar kiritilib, aniqlashtirilgan soliq hisoboti dasturiy ta'minot orqali DSIga yuborilgan. Biroq mazkur aniqlashtirilgan hisobotlar noma'lum sabablarga ko‘ra qabul qilinmagan hamda «Zarafshon Golden Group» MChJ bank hisob raqamiga shu kunning o‘zida 4 211 473 028 so‘m miqdoridagi QQS undirish bo‘yicha inkassa to‘lov topshiriqnomasi qo‘yilgan.

«Zarafshon Golden Group» MChJ taqdim etgan aniqlashtirilgan soliq hisoboti bo‘yicha tushuntirish berish yakunlanmasdan turib, jamiyat hisob raqamiga qo‘shimcha ravishda DSI tomonidan 2 496 830 731 so‘m miqdorida hisoblangan QQS undirish bo‘yicha inkassa to‘lov topshiriqnomasi ham yuborilgan.

Qolaversa, Navoiy shahar DSI boshlig‘ining 2020 yil 9 iyundagi buyrug‘i bilan, bu korxonada kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilishi belgilangan bo‘lsa-da, buyruqda ko‘rsatilgan 30 kunlik muddat buzilgan. Shuningdek, tekshiruv buyruqda belgilangan shaxslar, ya'ni X.Mamanazarov va A.Rizakulovlar ishtirokisiz o‘tkazilgan.

Sud barcha hujjatlarni o‘rganib chiqib, Navoiy shahar soliq inspeksiyasining 2020 yil 24 iyuldagi «Zarafshan Golden Group» MChJga nisbatan 3 mlrd 86 mln so‘mdan ortiqroq soliq hisoblash va 617 mln 214 ming so‘m moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risidagi qarorini g‘ayriqonuniy deb topdi.

Sud qaroridan norozi bo‘lgan soliq inspeksiyasi yuqori sudga appelyatsiya shikoyati kiritdi. Navoiy viloyat ma'muriy sudi apellyatsiya sudlov hay'ati esa Navoiy shahar davlat soliq inspeksiyasining apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirmadi. Birinchi sud qarori o‘zgarishsiz qoldi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid