Jamiyat | 09:07
3001
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 35 mlrd so‘mlik soxta «keshbek» sxemasi fosh etildi

Navoiy shahrida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda soxta elektron hisob-fakturalar va xarid cheklari orqali qariyb 35 milliard so‘mlik «keshbek» mablag‘lari noqonuniy hisoblanib, o‘zlashtirilgani aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Navoiy shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda 13 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) mas’ul shaxslari va boshqa shaxslar o‘zaro til biriktirib harakat qilgani aniqlangan.

Tergov materiallariga ko‘ra, ular 4,5 trillion so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirgan. Shuningdek, go‘yoki savdodan tushgan mablag‘lar nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilinib, fuqarolarga mahsulot sotilgani haqida soxta xarid cheklari rasmiylashtirilgan.

Natijada 105 ming 524 nafar fuqaro nomiga Soliq Mobile ilovasi orqali jami 34,8 milliard so‘m miqdorida «keshbek» hisoblanib, ushbu mablag‘lar noqonuniy o‘zlashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni tayyorlash, qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid