O‘zbekiston | 01:03 / 04.12.2020
2256
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Bojxona tartibotlarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shiladi

Konvensiyaning «E» maxsus ilovasi (Tranzit) 3-bobidan (Tovarlarni kabotaj tashish) tashqari barcha ilovalari va boblarini qabul qilish belgilanmoqda.

Foto: KUN.UZ

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalar tomonidan Davlat bojxona qo‘mitasi kiritgan «Bojxona tartibotlarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaga (Kioto, 1973 yil 18 may, 1999 yil 26 iyundagi o‘zgartirishlar bilan) qo‘shilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Mazkur konvensiya Jahon bojxona tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan va 2006 yil 3 fevralda yangi tahrirda kuchga kirgan. Konvensiyaning 8-moddasiga asosan, mazkur xalqaro shartnoma davlatlarning qo‘shilishi uchun ochiq ekani belgilab qo‘yilgan.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Konvensiyaning «E» maxsus ilovasi (Tranzit) 3-bobidan (Tovarlarni kabotaj tashish) tashqari barcha ilovalari va boblarini qabul qilishi belgilanmoqda.

Konvensiya unga a'zo davlatlarga, o‘zlarining milliy qonunchiligida bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini sodda, tushunarli va oldindan bashorat qilish mumkin bo‘lgan qoidalar asosida shakllantirish majburiyatini yuklaydi.

Kioto konvensiyasiga asosan, bojxona qonunchiligini soddalashtirish va uyg‘unlashtirishga quyidagilar vositasida erishiladi:

  • Bojxona organlari faoliyatining shaffofligi va oldindan bashorat qilish mumkinligini ta'minlash;
  • Tovarlarni deklaratsiyalash tartib-tamoyillari hamda kuzatuv hujjatlarini soddalashtirish va tizimlashtirish;
  • Vakolatli sub'yektlar uchun bojxona tartibotlarini soddalashtirish;
  • Bojxona organlari faoliyatida axborot texnologiyalaridan maksimal darajada foydalanishni ta'minlash;
  • Qoidalar va reglamentlarni bajarishni ta'minlash maqsadida bojxona nazoratini minimallashtirish;
  • Bojxona nazoratini amalga oshirishda xavflarni boshqarish tizimini qo‘llash va audit asosida nazoratni amalga oshirish;
  • Chegaradagi boshqa nazorat qiluvchi organlar bilan o‘zaro hamkorlikda tadbirlarni amalga oshirish;
  • Tashqi savdo faoliyati ishtirokchilari bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatish va boshqalar.

Bojxona qo‘mitasining hisoblashicha, Kioto konvensiyasiga qo‘shilish «Doing Business» va transport hamda logistika xizmatlari bo‘yicha baholovchi indekslarida (LPI) O‘zbekiston reytingini oshirishga xizmat qiladi.

Ma'lumot uchun, bugungi kunda Jahon bojxona tashkilotiga 183 ta davlat a'zo. MDHning 7 a'zosi – Armaniston (2013 yil), Belarus (2011 yil), Ozarboyjon (2006 yil), Rossiya (2011 yil), Tojikiston (2020 yil), Ukraina (2011 yil) va Qozog‘iston (2009 yil) Kioto konvensiyasiga qo‘shilgan.

Mavzuga oid