O‘zbekiston | 12:53 / 05.12.2020
2523
3 daqiqa o‘qiladi

Konlarni o‘zlashtirish monitoring qilinadi

Vazirlar Mahkamasining «Neft va gaz konlarini o‘zlashtirishning seysmogeodinamik jarayonlarga ta'sirini monitoring qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, FVV, Fanlar akademiyasi va Energetika vazirligining «Dengizko‘l», «Hisor», «Qandim» va «Oqqul» konlarida uglevodorodlarni qazib olishning seysmogeodinamik jarayonlarga ta'sirini monitoring qilish tizimini 2021 yil 1 martdan e'tiboran joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi. Tizim xalqaro tajribalar asosida «Dengizko‘l», «Hisor», «Qandim» va «Oqqul» konlarini o‘zlashtirishda sinab ko‘rildi.
 
Neft va gaz konlarini o‘zlashtirishning seysmogeodinamik jarayonlarga ta'sirini monitoring qilish tizimi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Unda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • muntazam seysmometrik, geofizik va kosmik geodeziya kompleks kuzatuvlarini tashkil etish va amalga oshirish;
  • uglevodorod xomashyosini qazib chiqarayotgan mahalliy va xorijiy kompaniyalarni neft va gaz konlarida seysmiklikning o‘zgarishi to‘g‘risidagi axborot bilan ta'minlash;
  • favqulodda vaziyatlarni keltirib chiqaruvchi kuchli texnogen zilzilalarning ehtimoli va ko‘lamini prognozlash, shuningdek seysmik rejimning o‘zgarishi natijasida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan alohida xavfli vaziyatlar to‘g‘risida manfaatdor tashkilotlarga zudlik bilan xabar berish.

Nizomda monitoring tizimini tashkil etish, uni amalga oshirish va moliyalashtirish tartibi qayd etilgan.
 
Energetika vazirligiga quyidagi vazifalar topshirildi:

  • 2021 yil 1 yanvarga qadar Fanlar akademiyasi va FVV bilan birgalikda respublika hududida o‘zlashtirilayotgan neft va gaz konlarida monitoring tizimi tashkil etiladigan konlar ro‘yxatini shakllantirish;
  • mahalliy va xorijiy kompaniyalar tomonidan neft va gaz konlarida monitoring tizimini joriy etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini, shuningdek tadqiqotlar uchun zarur bo‘ladigan barcha ma'lumotlar belgilangan tartibda taqdim etilishini nazoratga olish;
  • Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda «Elektron hukumat» tizimi doirasida shakllantirilgan idoraviy axborot tizimi funksiyalarini monitoring tizimi joriy etilishini hisobga olgan holda takomillashtirish.

Hujjat 26.11.2020 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid