O‘zbekiston | 15:14 / 05.12.2020
3125
5 daqiqa o‘qiladi

Olis qishloqlardagi 5 millionga yaqin aholi davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida ichimlik suvi bilan ta'minlanadi

Prezidentning 2020 yil 25 sentyabrdagi “Ichimlik suvi ta'minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta'minlash bo‘yicha yangi mexanizm joriy etildi.

 Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, 2021 yildan boshlab qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida lokal ichimlik suv ta'minoti tizimlarini qurish loyihalari davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida amalga oshiriladi. Ushbu vazifa vazirlik zimmasiga yuklatildi.
    
Vazirlik har yili aholi soni jami 15 mingdan kam bo‘lmagan, markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta'minlash bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlariga (NNT) va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga davlat ijtimoiy buyurtmalarini tanlov asosida beradi.
   
Tanlangan NNT vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan texnik topshiriqqa asosan loyihalashtirish, qurilish va qurilishi yakunlangan obektlarni ekspluatatsiya qilish jarayonlarini tashkil etadi. 
    
Davlat ijtimoiy buyurtmalari loyihalarini moliyalashtirish asosan budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ushbu maqsadlarda 2021 yilda vazirlikka 14 milliard so‘m ajratiladi. Keyingi yillarda ushbu maqsadlar uchun budjetdan ajratiladigan mablag‘lar va loyihalar soni vazirlikning asoslantirilgan hisob-kitoblariga ko‘ra oshirib boriladi.
      
Davlat ijtimoiy buyurtmalari loyihalari doirasida qurilishi yakunlanib, foydalanishga topshirilgan obektlarni boshqarish va ekspluatatsiyasini tashkil etish, ichimlik suvi tariflarini shakllantirish bo‘yicha ham yangi tizim joriy etiladi.
   
Qurilishi yakunlangan lokal ichimlik suv ta'minoti tizimi boshqarish va foydalanish uchun aholining umumiy mulki sifatida mahalla fuqarolar yig‘ini tasarrufiga o‘tkaziladi. Qishloq aholi punktida ichimlik suvi ta'minoti xizmatini ko‘rsatadigan, qurilgan ichimlik suvi ta'minoti tizimini boshqarish uchun aholi tomonidan nodavlat tashkiloti tashkil etiladi.
    
Joriy etilayotgan tizimda ichimlik suvi ta'minoti xizmatlari uchun narx (tarif)lar aholi bilan kelishilgan holda belgilanadi. Bunda, ichimlik suvni ishlab chiqarish va xonadonlarga yetkazish xarajatlari, kiritilgan sarmoya, amortizatsiya va boshqalar inobatga olinadi.
    
Ushbu yo‘nalishdagi ishlar respublikadagi olis qishloqlarni xatlovdan o‘tkazishdan boshlandi. Joriy yil oktabr-noyabr oylarida vazirlik mutaxassislaridan iborat ishchi guruh joylarga chiqqan holda mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti yetib bormagan qishloq aholi punktlarini 25 parametrlar bo‘yicha o‘rgandi. Xatlov va o‘rganishlar natijasida 114ta shahar va tumanlardagi suv ta'minoti, sanitariya holatini yaxshilashga muhtoj 1 ming 273 ta qishloq aholi punktlari ro‘yxati shakllantirildi. Mazkur qishloqlarda 5 millionga yaqin aholi istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ulardan 35 foizi ichimlik suvi bilan tashib yetkazib berish orqali ta'minlanmoqda. 65 foizi esa ichimlik suvini alternativ manbalardan iste'mol qilmoqda (soy, kachalka).

Davlat ijtimoiy buyurtmalari doirasida 2021 yilda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida pilot loyiha sifatida amalga oshiriladi, 2022 yildan boshlab esa respublikaning boshqa hududlarida loyihalarni amalga oshirish hamda loyihalarda oqova suv xizmatlari bilan ta'minlash ham nazarda tutiladi. Ko‘zda tutilgan loyihalarni amalga oshirish uchun hududlarda Shveytsariya hamkorligida qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta'minlash tajribasi keng qo‘llaniladi.
    
Dastlab, mazkur loyihalarni sinov tariqasida amalga oshirish uchun Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida suv ta'minoti va sanitariya holatini yaxshilashga muhtoj qishloqlar ro‘yxatidan 2 tadan aholi punkti tanlab olinadi. Ushbu maqsadlarda ilk bor Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mazkur viloyatlarda qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta'minlash bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlariga va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish to‘g‘risida tanlovni e'lon qildi. 
    
Joriy yil yakuniga qadar tanlov yakunlanib, 2021 yildan boshlab loyihalar doirasida qurilish-montaj ishlari amalga oshiriladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid