O‘zbekiston | 21:50 / 06.12.2020
5038
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda homilador ayollarning deyarli uchdan bir qismi anemiyadan aziyat chekadi - YUNISEF

O‘zbekistonda homilador ayollar va kichik yoshdagi bolalarning katta qismida ovqatlanish ratsioni talab darajasida emas. Bu haqda YUNISEFning O‘zbekistonda bolalar salomatligi va ta'limi haqida taqdim etgan hisobotida qayd etilgan.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda oxirgi 20 yil davomida reproduktiv yoshdagi (15–49 yosh) va homilador ayollar ovqatlanishining umumiy ahvoli yaxshilangani kuzatildi. Shunday bo‘lsa-da, farzand ko‘rish yoshidagi ayollar hanuz to‘g‘ri ovqatlanishga erisha olmayapti: homilador bo‘lmagan ayollarning qariyb 20 foizi anemiyaga chalingan, homilador bo‘lmagan ayollarning deyarli yarmida folat tanqisligi mavjud. Homilador bo‘lmagan ayollarning taxminan besh nafaridan birida V12 vitamini tanqisligi qayd etiladi.

Homilador ayollarning ovqatlanishida ham muammolar mavjud: uning qariyb uchdan bir qismi anemiyadan aziyat chekadi.

Bundan tashqari, homilador ayollarning yarmigina minimal maqbul diyeta xilma-xilligiga amal qiladi va bunday ayollarning har o‘n nafaridan birigina tavsiya etiladigan A vitaminli qo‘shimchalarni, har uch nafaridan birigina polivitaminli tabletkalarni qabul qiladi.

Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekistonda chaqaloqlar va bolalarni ovqatlantirish masalasi hanuz yaxshilanishni talab etadi: 6 oylikkacha bo‘lgan bolalarning atigi 50 foizi faqat ko‘krak suti bilan boqiladi; 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning uchdan bir qismigina minimal darajada maqbul turli ozuqalar bilan ta'minlanadi va ularning faqat 5 foizigagina minimal darajada maqbul ovqatlar ratsioni beriladi.

Bolalar orasida mikroelementlar tanqisligi keng tarqalgan: bolalarning 15 foizi anemiyaga chalingan, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 50 foizdan ortig‘ida temir yetishmovchiligi va 6 foizida A vitamini tanqisligi aniqlangan.

Shu bilan birga, O‘zbekistondagi bolalarning 9 foizi o‘sishdan orqada qolish alomatlariga ega. 2 foizida esa yetarlicha ovqatlanmaslik belgilari (ozg‘inlik) kuzatiladi.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid