Jamiyat | 16:20 / 07.12.2020
7576
3 daqiqa o‘qiladi

Sug‘urta kompaniyasi vakili 100dan ortiq kishi nomiga kredit olib, 1,1 mlrd so‘mdan oshiq pul o‘zlashtirdi

Yashnobod tuman sudida firibgarlik ishi bo‘yicha sudlanuvchi S.E. 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etilgan holda 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Fuqaro S.E. 2017 yilning yanvar oyidan 2019 yilning dekabr oyiga qadar «Alskom» sug‘urta kompaniyasining «Poytaxt» filiali boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelishidan foydalanib, fuqarolarga muqaddam o‘zi bank sohasida ishlaganini aytib, o‘ziga yaqin bo‘lgan tanishlarini ishontirib, ularning nomiga bankdan kredit pullari olgan holda, olingan kredit foizlarini va asosiy to‘lovlarni o‘z vaqtida bankka to‘lab kelishni o‘z zimmasiga olib, 100 nafardan ortiq shaxs ishonchiga kirib, ularning nomiga Toshkent shahridagi 12ta bankdan kredit pullarini o‘zlashtirib olgan.

S.E. kredit pullarini olish orqali jami 1 mlrd 138 mln so‘m, jumladan:

  • «Uzsanoatqurilish Bank» Yashnobod filialiga 20 mln so‘m;
  • «Uzsanoatqurilish Bank» Qatortol filialiga 52 mln so‘m;
  • «Uzsanoatqurulish Bank» Chilonzor filialiga 15 mln so‘m;
  • «Savdogar Bank» Shayxontohur filialiga 119 mln so‘m;
  • «Asaka Bank» Shayxontohur filialiga 35 mln so‘m;
  • «Asaka Bank» Yunusobod filialiga 68 mln so‘m;
  • «Asaka Bank» Toshkent shahar filialiga 87 mln so‘m;
  • «Asaka Bank» Toshkent viloyati filialiga 48 mln so‘m;
  • «Mikrokredit Bank» AT amaliyot boshqarmasiga 9,4 mln so‘m;
  • «Agro Bank» ATB Toshkent shahar filialiga 158 mln so‘m;
  • «Davr bank» XATB Chilonzor filialiga 69 mln so‘m;
  • «Davr Bank» XATB Uchtepa filialiga 458 mln so‘m miqdorda moddiy zararlar yetkazib, olingan pullarni o‘zining ehtiyojiga ishlatib yuborgan.

S.E. tomonidan yetkazilgan zararning 1/3 qismi qoplangan.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi Anvar Ikromov raisligida ko‘rib chiqilib, sud hukmiga asosan sudlanuvchi S.E. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismining «b» bandi, 228-moddasi 2-qismining «a» bandi va 228-moddasining 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Sudlanuvchi tomonidan yetkazilgan zararlar to‘liq qoplanmagani va sodir qilgan jinoyatining ijtimoiy xavflilik darajasi inobatga olinib, S.E.ga nisbatan 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etib, 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

«Kelgusida shunga o‘xshash holatlar takrorlanmasligi uchun fuqarolardan boshqa birov uchun o‘z nomlariga kredit yoki qarz olishga rozilik bildirmasliklarini so‘rab qolamiz», deyiladi jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining murojaatida.

Mavzuga oid