Anjumanda qatnashgan Kun.uz muxbiri Komiljon Tojiboyevning ekologiyaga doir qator masalalar yuzasidan fikrlari bilan qiziqdi. Partiya rahbari o‘z so‘zida muammolar hal etilishi uchun avvalo jamiyatda yashillikka nisbatan munosabat o‘zgarishi lozimligini ta'kidladi.
«Moratoriy tugashini kutib turganlar bor»
— To‘g‘risini aytganda, moratoriy tugashini va davom etmasligini kutib turganlar bor. Moratoriyni cho‘zish to‘g‘risidagi taklif tayyorlanib, tegishli vakolatli davlat tashkilotlariga topshirilgan.
Daraxtlarni butash niqobi ostida daraxtlarni kallaklash (bu kundaki kesish ham deyiladi) holatlari kuzatilyapti. Biz moratoriyga kiritiladigan o‘zgarish bilan kallaklash holatlari bo‘lmasligiga ham erishishimiz kerak.

Masalan, biz chinorga nima deb qaraymiz? Qo‘liga arra olib, chinorni kesishga borgan odamning maqsadi nima bo‘ladi? U chinorni nimagadir xalal berayotgan obekt deb ko‘radi. Vaholanki, chinorga – nafaqat soya berib turadigan daraxt, balki u Markaziy Osiyoning, O‘zbekistonning norasmiy milliy ramzlaridan biri sifatida qarashni shakllantirishimiz lozim.
Yoki bo‘lmasa, qayrag‘och. Hududlarda ko‘kalamzorlashtirish uchun qayrag‘ochdan foydalanaylik, desak, qayrag‘och yo‘q. Qayrag‘och qayerlardadir saqlanib qoldi xolos. Uzoq yillik qadimiy qayrag‘och daraxti bizda oddiy bir daraxt sifatida qabul qilinib kelinyapti, xolos.
Ekologik politsiya tashkil etish haqida
— Bu – eng og‘riqli masalalardan bittasi. Buni, o‘zingiz yaxshi bilasiz, bugundan boshlab, Ekologik politsiyani tashkil qilgan taqdirimizda ham, bu bir kunda bo‘ladigan holat emas. Bu – jamiyatdagi yashillikka bo‘lgan munosabatni o‘zgartirmaguncha, hech qachon bunga erisha olmaymiz.
Buning yo‘li qanaqa? Tushuntirish, jarima solish, qonunchilikni takomillashtirish bilan barobar olib borilishi lozim.
Ekologik politsiya to‘g‘risidagi birinchi takliflar chiqqan paytda, men ham bu masalada ko‘p o‘yladim. Keyinchalik, ekologik prokuratura tashkil etilganidan keyin, balki shu orqali qanchadir funksiya bajarilar, degan masala ham keldi. Lekin ekologik politsiyani tashkil etishga oid jarayonlarni ham davom ettirish kerak.

















