Faxrizodaning qotili robot edimi? Eron olimga sun'iy intellektli pulemyotdan o‘t ochilganini aytmoqda
Eronlik yadroshunos olim Muhsin Faxrizoda sun'iy yo‘ldosh orqali boshqarilgan sun'iy intellektli pulemyotdan o‘ldirilgan. Bu haqda Islom inqilobi muhofizlari korpusi bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Ali Fadavi ma'lum qildi. Ekspertlarning bir qismi ushbu rasmiy talqinga skeptik nuqtayi nazardan yondashishmoqda.
Kontr-admiral Fadavining so‘zlariga ko‘ra, quroldan 13 marta o‘q uzilgan. O‘qlar zirhlangan mashinadagi Faxrizodaga tekkan, ammo yonidagi rafiqasi shikastlanmagan. Pulemyot yo‘ldan ichkariroqda turgan «Nissan» avtomobiliga o‘rnatilgan bo‘lgan.
«Yuqori texnologiyali kameralar yordamida pulemyot Faxrizodaning yuziga to‘g‘rilangan, bunda sun'iy intellekt texnologiyalaridan foydalanilgan», deya eronlik harbiy amaldorning so‘zlarini keltirgan «Mehr» agentligi. Fadavining qo‘shimcha qilishicha, o‘z tanasi bilan Faxrizodani to‘sgan tansoqchiga to‘rtta o‘q tekkan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Faxrizodaga qilingan hujumda odamlar ishtirok etmagan, avtomatik qurol sun'iy yo‘ldosh orqali onlayn boshqarilgan. Erondagi «Fars» agentligi xabariga ko‘ra, Faxrizoda o‘ldirilgach, pulemyot o‘rnatilgan avtomobil o‘zini o‘zi portlatib yuborgan.
Avval ham yuqori texnologiyali qurol qo‘llangani haqidagi versiya aytilgandi, ammo bu safar bu talqin rasmiy shaxs tilidan ilk marta yangramoqda. Mustaqil manbalar hozircha bu versiyani tasdiqlamadi.
Faxrizodaning o‘limi haqidagi xabarlar ortidan, G‘arb davlatlari razvedka xizmatlari Eron hukumati olimning o‘ldirilishida Isroilni ayblayotgani to‘g‘risida ma'lumot tarqatdi. Isroil hukumati bu hodisaga aloqadorligini tan olmadi, shu bilan birga ayblovni rad etmadi.
Tahlilchilarning qayd etishicha, yadroshunos fizikning o‘limi Eron va olti yirik davlat - AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi 2015 yilgi yadroviy kelishuv (AQSh sanksiyalari yumshatilishi evaziga Eron yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha) tiklanishiga xalal berishi mumkin. AQShning hozirgi prezidenti Donald Tramp mamlakatni ushbu kelishuvdan olib chiqqandi, yangi saylangan prezident Jo Bayden esa kelishuvni tiklash niyatini bildirgan.
Eronlik fizik qanday halok bo‘ldi?
Qotillik 27 noyabr kuni ertalab, Faxrizoda rafiqasi bilan birga Eron shimolidagi Mazandaron viloyatida joylashgan Rostamkola shahridan chiqib, Absard aholi punktiga ketayotganida sodir etilgan. Olim zirhli avtomobilda bo‘lgan, unga o‘z soqchilari xizmatining uchta mashinasi hamrohlik qilgan. Mashinalardan biri oldinga chiqib, vaziyatni tekshirish uchun uzoqlashib ketgan. Shu payt Faxrizodaning avtomobiliga bir nechta o‘q kelib tekkan, olim esa mashina nimagadir to‘qnashdi yoki dvigatel bilan muammo yuzaga keldi, deb o‘ylab, mashinadan chiqqan. Shundan keyin olimning avtomobilidan 150 metr uzoqlikdagi «Nissan» mashinasidan masofadan turib boshqarilgan avtomatik o‘qotar quroldan o‘t ochilgan.
Olimning o‘limidan keyin Eron hukumati bu voqea qanday bo‘lgani to‘g‘risida bir-birini inkor etuvchi turli versiyalarni ilgari sura boshladi.
Qotillik kuni Eron mudofaa vazirligi konvoyga qurollangan kishilar hujum uyushtirgani va fizikning tansoqchilari ular bilan otishmaga kirishgani to‘g‘risida xabar tarqatdi.
OAVda guvohlarga asoslangan holda hujum qilganlardan uch-to‘rt kishi o‘ldirilgani yozildi. «Fars» agentligi avtomobil yaqinida portlash sodir etilgani haqida yozdi.
Versiyalar ko‘payaverdi, ammo rasmiy ma'lumot juda oz edi. Eron xavfsizlik bo‘yicha milliy kengash rahbari fizikning dafn marosimi vaqtida hujum qilganlar «alohida metodlar» va «elektron qurilmalar»dan foydalangani haqida aytdi.
Eron hukumati Faxrizodaning o‘ldirilishiga keskin munosabat bildirdi. Eron oliy yetakchisi maslahatchisi Husayn Dehqon qotillikda aybdorlarga qat'iy javob chorasi ko‘rilishini aytdi va to‘liq ko‘lamda urush boshlash maqsadida Eronga bosimni kuchaytirishga harakat qilishayotganini ma'lum qildi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Javod Zarif xalqaro hamjamiyatni «davlat terror akti»ni qoralashga chaqirdi va qotillikka Isroil aloqador bo‘lishi mumkinligini aytdi. Keyinroq The New York Times o‘z manbalariga asoslangan holda, AQSh razvedka xizmatlari ham shunday versiya tarafdori ekanligi haqida xabar berdi. Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Faxrizoda uzoq vaqt davomida Isroilning «Mossad» siyosiy razvedkasi nishonida bo‘lib kelgan. Oq uy va MRB bu masala bo‘yicha gazetaga izoh berishdan bosh tortdi.
Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy qotillik uchun qasos olishni talab qildi. O‘tgan hafta oxirida Isroil radiosi harbiylar mamlakatdagi bir qancha yadroshunos fiziklarni ularning hayoti xavf ostida bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgani haqida xabar berdi. OAV xabariga ko‘ra, gap Negev sahrosi ichkarisida joylashgan Dimona yadroviy tadqiqotlar markazida ishlagan mutaxassislar haqida ketgan.
Isroil hukumati bu xabarlar bo‘yicha izoh bermadi. Bir kun avval Isroil ichki ishlar vazirligi Yaqin Sharq va Afrika hududida bo‘lgan fuqarolarni «Eron unsurlari» tahdidi yuzaga kelgani to‘g‘risida ogohlantirgandi.
Tahlil
Zoui Klyaynman, BBCning texnologiyalar bo‘yicha muxbiri
Olim bunday yuqori texnologiyali imkoniyatlar ishga solingan holda o‘ldirilgani haqidagi da'volar xavotirli va bu antiutopiyaga o‘xshaydi. Qayd etish kerakki, bu ma'lumotni hech kim tekshirmagan.
Jang maydonida sun'iy intellektdan foydalanish masalasi anchadan buyon ko‘plab olimlarni tashvishga solib keladi. 2015 yilda marhum professor Stiven Hoking ilmiy hamjamiyatning harbiy sun'iy intellektni ishlab chiqarishni taqiqlash so‘ralgan ochiq xatni imzolagan minglab vakillaridan biri bo‘lgandi.
Ammo hozirgi holatda Eronning bu bayonoti shubhali ko‘rinadi.
Radioelektron kurash bo‘yicha tahlilchi va ekspert Tom Uitingtonning ta'kidlashicha, Fadavi «vahimali yangraydigan terminlar»ni ishlatish orqali, bu suiqasdni texnologik jihatdan Erondan ancha ustun bo‘lgan davlatlar amalga oshirganini ko‘rsatishga urinmoqda.
Campaign to Stop Killer Robots CTSKR (qotil robotlarni taqiqlash kampaniyasi) koalitsiyasi a'zosi, professor Noel Sharki agar sun'iy intellektli qurollardan armiyalar ham foydalana boshlasa, oqibatlari «tasavvur qilib bo‘lmas darajada ayanchli bo‘ladi» deb hisoblaydi.
«Agar odamlarni tanish va o‘ldirish uchun yuzni aniqlash texnologiyasidan foydalanadigan qurilmalar paydo bo‘lsa, global xavfsizlikda katta pasayish bo‘ladi», degan u.
Nega aynan Faxrizoda?
Muhsin Faxrizoda mamlakat mudofaa vazirligi qoshidagi tadqiqotlar va innovatsiyalar bo‘yicha tashkilotni boshqarar edi.
G‘arb davlatlari va isroilliklar razvedkasi u Eron yadro dasturida muhim rol o‘ynagan shaxs ekanini tasdiqlashgan. Ularning ma'lumotlariga ko‘ra, Faxrizoda «Amad» loyihasiga - Eronda 1989 yilda yo‘lga qo‘yilgan maxfiy yadro dasturiga rahbarlik qilgan.
Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) ma'lumotiga ko‘ra, ushbu loyiha 2003 yilda yopilgan, ammo 2018 yilda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Faxrizoda «Amad» loyihasini davom ettiruvchi dastur ustida ishlayotganini aytgandi.
Eron yadro quroli yaratish maqsadi yo‘qligini aytib keladi.
O‘tgan haftaning chorshanbasida Eron parlamenti BMT inspektorlarini mamlakatdagi yadro obektlariga kiritishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Shuningdek, sanksiyalar ikki oy ichida yumshatilmasa, hukumat uranni 20 foizgacha boyitish dasturini tiklashiga ruxsat berilgan.
Yangi qonun loyihasida Eronda yiliga 120 kilogramm uranni 20 foizga boyitish bilan uran ishlab chiqarish va to‘plash (20 foizdan yuqori uran qurol darajasida hisoblanadi), shuningdek, oyiga kamida 500 kilogramm kam boyitilgan uran ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda Eron uranni «yadro shartnomasi»da nazarda tutilgan 3,67 foiz o‘rniga 4 foizdan yuqori darajada boyitmoqda. Yadro quroli ishlab chiqish uchun nisbatan ko‘proq boyitish talab etiladi, ammo 20 foizlik uran mavjud bo‘lganida, bu texnologik jihatdan imkonli ish bo‘lib qoladi.
Bundan tashqari, Arakdagi 40 MVt og‘ir suv reaktorini «yadro kelishuvi»dan avvalgi holatiga qaytarish ham ko‘zda tutilgan. Kelishuv Arakdagi mavjud reaktorni radioizotoplar ishlab chiqarish uchun qayta loyihalashni nazarda tutadi, shunda u qurol darajasidagi plutoniyni ishlab chiqarmaydi.
Mavzuga oid
19:45 / 22.11.2024
Norvegiyada AQSh elchixonasi qo‘riqchisi josuslikda gumonlanib qo‘lga olindi
08:39 / 22.11.2024
AEXA rahbari Eron yadro dasturi bo‘yicha hisobot tayyorlaydi
23:14 / 19.11.2024
Eron uranni boyitishni to‘xtatishga tayyorligini bildirdi - OAV
21:44 / 19.11.2024